“Uchto‘rg‘on”liklarning orzusi amalga oshdi
Boyovut tumanidagi Uchto‘rg‘on mahallasidagi ixtisoslashtirilgan maktabda 456 nafar o‘quvchi uchun zamonaviy sport infratuzilmasi yaratilmoqda. Oldinlari bolalar futbol va voleybol kabi turlar bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish va sport to‘garaklari tashkil etish uchun zarur sharoitlar mavjud emas edi.
“Tashabbusli byudjet” dasturi nafaqat maktab o‘quvchilari, balki mahalla ahlining orzularini ham ro‘yobga chiqarish imkonini berdi.


Sport maydonini qurish tashabbusi mahalla ahli va maktab jamoasi tomonidan ilgari surildi. Jamoatchilik orasida o‘tkazilgan ovoz berishda loyiha 2807 ta ovoz to‘plab, g‘olib bo‘ldi. Maktab uchun ustki qismi yopiq, zamonaviy futbol maydoni hamda vorkaut maydonchasini qurish uchun 1 milliard 300 million so‘m mablag‘ ajratildi. Qurilish ishlari “Guliston Istiqbol” xususiy korxonasi tomonidan jadal suratda olib borilmoqda.

Maktab direktori Zafar Alimovning fikricha, loyiha nafaqat ta’lim muassasasi uchun, balki bolalarning jismoniy rivojlanishi va ijtimoiy faolligini oshirishda ham muhim ahamiyatga ega:
– Yangi sport maydoni bolalarning salohiyatini rivojlantirish, turli musobaqalarda ishtirok etish va sog‘lom turmush tarziga jalb qilishda xizmat qiladi. Bu maktab va mahalla hayotida katta o‘zgarishlar olib keladi.


Loyiha yakunlangach, maktab o‘quvchilari va mahalla ahli barqaror va zamonaviy sport infratuzilmasiga ega bo‘ladi. Bu bolalarning salohiyatini rivojlantirish, sportga jalb qilish va jismoniy tarbiyani kuchaytirishda muhim qadam hisoblanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri