Uchquduq ovullarining qadim ohanglari
Uchquduq ovullarida bot-bot o‘tovlarga duch kelishingiz tabiiy. O‘tov azaldan chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan tub aholining asosiy boshpanasidir. Bunday ko‘chma uy tez tiklanishi va yig‘ilishi bilan ko‘chib-qo‘nib yurishga juda qulay sanaladi.
Tarixiy manbalarda aytilishicha, o‘tovning, ya’ni kigiz uyning paydo bo‘lishi eramizdan oldingi 3 ming yillikka to‘g‘ri kelar ekan.
Darvoqe, Uchquduqqa tashrif buyurgan kishi ovullarda choy bilan bog‘liq qiziq odatlarga ham guvoh bo‘lishi mumkin.
Albatta, yangi kelinchakning qo‘lidan “choy ichish” marosimi haqida eshitganmiz. Uchquduq ovullarida bu udum biroz boshqacha va unda o‘ziga xoslik bor. Bu yerda qizlar bolaligidanoq onalaridan choy damlash hadisini o‘rganishadi. Yangi kelinchak har bir choy ichuvchining ta’biga ko‘ra suyuq, quyuq, sut bilan yoki sutsiz choy quyib, odob bilan uzatishi kerak. Uzatilayotgan har bir piyolaning o‘z egasiga yetib borishi marosimning muhim jihatidir.
[gallery-5389]
Uchquduq ovullarida bo‘lgan mehmon bu yerliklarning asosiy taomi - beshbarmoqni tanovul qilmay ketmaydi. Uchquduqliklarda mehmon sharafi uchun jonliq so‘yib, beshbarmoq bilan siylash an’anaga aylangan. Asosan go‘sht va xamirdan iborat ushbu taom suzilganida, albatta, mehmonga qo‘yning pishirilgan kallasi keltiriladi. Uchquduqliklarning aytishicha, bu hurmat va ehtirom belgisini bildirar ekan.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA