Uch yil oldingi muammo hamon mavjud
Ijtimoiy tarmoqlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi binosi oldida transplantatsiya amaliyoti o‘tkazilgan bir guruh fuqarolarning to‘plangani aks etgan videolavha tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, bemorlar operatsiyadan so‘ng muntazam qabul qiladigan dori vositalari yetkazib berilishida uzilishlar bo‘layotgani, borlari ham dorixonlarda qimmat narxda sotilayotgani bois bu masala yuzasidan o‘z e’tirozlarini bildirgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining ta’kidlashicha, vazir B.Musayev darhol ushbu fuqarolar bilan uchrashib, ularning murojaatlarini tingladi.
Ma’lumki, hozirgi kunda yurtimizda buyrak va jigar ko‘chirib o‘tkazilgan 1500 nafardan ortiq bemor ro‘yxatda bo‘lib, ularga kerakli dori vositalarining o‘z vaqtida yetkazib berilishi qat’iy nazoratga olingan va yetarli darajada dori zaxiralari shakllantirilgan. Biroq ayrim toifadagi bemorlarga tavsiya etilgan preparatlarning bir qismi xorijdagi nufuzli farmatsevtika kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilishi bois bunday preparatlarni yurtimizga olib kelishda vaqtinchalik qiyinchiliklar kuzatilmoqda. Uchrashuv davomida vazir mazkur muammoni zudlik bilan ijobiy hal etish yuzasidan mas’ullarga shoshilinch ko‘rsatmalar berdi.
Xususan, ushbu masalaga tezkor yechim topish maqsadida vazirlikda maxsus shtab tashkil etilib, uning tarkibiga tegishli mutaxassislar, jumladan, vazirlik bosh nefrologi, nefrologiya markazi shifokorlari, farmakologlar, iqtisodchilar kiritildi. Shtab tomonidan bemorlarga zarur dori vositalarining o‘z vaqtida yetkazib berilishini ta’minlash bo‘yicha muddat masalalarini hal etish, dori xaridlari yuzasidan farmatsevtika kompaniyalari bilan muloqot qilish va bu orqali muammolarga samarali yechim topish choralari ko‘riladi.
Shuningdek, uchrashuvda bemorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida hududlarda immunologik tahlillarni topshirishga mo‘ljallangan maxsus laboratoriyalar tashkil etilishi va biokimyoviy analizatorlar o‘rnatilishi masalasi ham ijobiy yechim topishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, 1500 nafardan ortiq bemorga qanday dori preparatlari qancha miqdorda zarurligi bo‘yicha ro‘yxat shakllantirilishi, ularni xarid qilishning qisqa va uzoq muddatli mexanizmi yaratilishi belgilandi.
Vazirlikning yuqoridagi bayonotini o‘qib, bundan bir necha yil oldin ham jarrrohlik amaliyotini boshdan o‘tazgan bemorlarning ayni shu muammoga duch kelgani esimga tushdi.
2019 yilning aprel oyi o‘rtalari edi. Boshqa birovning buyragi bilan yashayotgan bemorlar jarrohlik amaliyotidan so‘ng har kuni ma’lum miqdorda qabul qilishi shart bo‘lgan dori preparatlarini topa olmayotganini aytib, Sog‘liqni saqlash vazirligi (vazirlikning oldingi binosi nazarda tutilyapti) oldida to‘plangan edi. O‘zim ham ularga qo‘shilib, bir necha soat vazirlik oldida biron bir mutasaddi chiqib tayinli javob berishini umid bilan kutgan edim. Ammo afsuski, yigirmaga yaqin fuqaroning dardini na birov eshitgandi, na birov tinglagandi, o‘shanda...
“Jarrohlik amaliyotidan keyingi ahvol... E’tiborsiz qolayotgan bemorlar hayotidan reportaj” tayyorlaganimdan so‘nggina mutasaddilar ommaviy axborot vositalarida vaziyatni nazoratga olishini aytib munosabat bildirib chiqqan edi.
Oradan, shuncha vaqt o‘tdi. Tibbiyot sohasida misli ko‘rilmagan yangilanishlar, islohotlar amalga oshirildi va davom etmoqda. Ammo, buni qarangki, organlar ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasini boshdan kechirgan bemorlar hamon dori vositalari bilan o‘z vaqtida ta’minlanmayotgan ekan.
Mohigul Qosimova, O‘zA