Uch nafar xodim ishga qayta tiklandi
Fuqarolar M.P., M.J. va T.Sh. “Taxiatosh tumani suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasida ishlab yurib, 2024 yilning 4 aprel kuni asossiz ravishda ishdan bo‘shatilgan.
Ushbu ishchilar fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanlararo sudiga murojaat qilishgan. Sud ularning da’vosini to‘liq qanoatlantirib, ishga tiklash haqida qaror qabul qilgan.
Qarorga asosan fuqarolar M.P., M.J. va T.Sh. “Taxiatosh tumani suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasida gidrotexnik inshootlar kuzatuvchisi lavozimiga joriy yil 4 aprel kunidan ishga qayta tiklash belgilangan. Shunga qaramasdan, javobgar “Taxiatosh tumani suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan ushbu sud qarori ijrosi ta’minlanmagan va sobiq ishchilar o‘z ish o‘rinlariga qayta tiklanmagan.
Hodimlar sud qaroriga asosan chiqarilgan ijroni ta’minlab berishni so‘rab, Majburiy ijro byurosi Taxiatosh tuman bo‘limiga murojaat qilgan. Bo‘lim tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilib, harakatga kirishildi. Xususan, bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida, fuqarolar M.P., M.J. va T.Sh. joriy yilning 30 oktyabr kuni “Taxiatosh tumani suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi boshlig‘ining buyrug‘iga asosan avvalgi ish o‘rinlariga qayta ishga tiklandi va sud qarori ijrosi amalda ta’minlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.