Uch avlod vakillari harbiy qismda uchrashdi
Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlarda mustaqilligimizning 31 yilligiga bag‘ishlab “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Janubiy operativ qo‘mondonligining Sariosiyo tumanidagi harbiy qismida tashkil etilgan uch avlod uchrashuvi ham ana shu sanaga bag‘ishlandi. Unda tumandagi yoshi ulug‘ keksalar, mehnat faxriylari, harbiy pensionerlar, harbiy qism harbiy xizmatchilari va yosh avlod vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda keksa avlod vakillari mustaqillikkacha bo‘lgan davrda ko‘rgan-kechirganlari, mustabid tuzum davrida harbiy qismlardagi sharoitlar, harbiy xizmatga bo‘lgan munosabat va harbiylar o‘rtasidagi nosog‘lom muhit haqida hikoya qilib berdi. Ayni paytda tinch, obod turmushimizni ta’minlayotgan Vatan posbonlari istiqlol yillari mamlakatimiz mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, chegaralarimiz daxlsizligi va xalqimizning tinch, obod hayotini ishonchli ta’minlashga qodir Milliy armiyamiz barpo etilgani, keyingi yillarda harbiy boshqaruvning tamomila yangi tizimi shakllantirilib, harbiy qismlarda yaratilayotgan sharoitlar, qo‘shinlarni zamonaviy harbiy texnika hamda qurol-aslaha bilan ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor, harbiylar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
– Bizning davrimizda ota-onalar farzandlarini armiyaga ko‘zda yosh va yurakda xavotir bilan kuzatar edi, – deydi zaxiradagi ofitser Salom Qosimov. – Endilikda ular, mening o‘g‘lim Vatani himoyasiga otlanmoqda, kindik qoni to‘kilgan tuproqni tashqi tahdidlardan asrashga yo‘l olmoqda, deya chin qalbdan faxrlanmoqda. Chunki, u davrda ota-onadan yiroqqa, boshqa yurtlarga majburan jo‘nagan bo‘lsa, bugun o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtini himoya qilish uchun bormoqda. Sobiq tuzum davrida ma’naviy-ruhiy muhitdan aziyat chekkan va aksariyat farzandlarimiz qurilish batalonlarida xizmat qilgan bo‘lsa, mustaqillik yillari hayot maktabiga aylangan Milliy armiyamiz saflarida toblanib, Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, azaliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalanmoqda.
–So‘nggi yillarda sohada amalga oshirilgan islohotlarning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, – deydi harbiy qism komandiri, mayor J.Burxonov. – Milliy armiyamiz xalqimizga, xalqimiz esa zamonaviy sharoitlar va jangovar qudratga ega armiyamizga yanada yaqinlashdi. Masalan, tumanimizda yoshlarning harbiy qismimizga kelib, hayotimizni bilan tanishishi, zamonaviy qurol-aslahalarni ko‘zdan kechirishi ajoyib an’anaga aylandi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini har taraflama himoya qilish, uy-joy bilan ta’minlash, farzandlarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun imtiyozlar berish kabi yo‘nalishlarga e’tibor kuchaytirildi.
Sohada yuz bergan bunday yangilanishlar yoshlarning harbiy xizmatga qiziqish va intilishini kuchaytirmoqda.
– Yoz faslida ham bo‘sh vaqtimizda harbiy qismga kelib tinchligimiz posbonlari bilan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazyapmiz, – deydi Mirzo Ulug‘bek mahallasida yashaydigan Usmon Yusupov. – Harbiy akalarimiz bilan turli sport o‘yinlarida bellashdik. bugungi uchrashuv ham menda boy taassurot qoldirdi. Biz uchun harbiy qism eshigi hamisha ochiqligidan quvonamiz. Vaqtimiz bo‘lganda kelib, ular bilan dildan suhbatlashamiz. Bu uchrashuvlar kelgusi hayot yo‘limizni ham belgilab bermoqda. Men o‘zim kelajakda harbiy xizmatchi bo‘lib, yurtimiz tinchligini ta’minlashga o‘z hissamni qo‘shishga ahd qilganman.
Uchrashuv yakunida faxriylar va yoshlar harbiy qismda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Harbiy xizmatchilarning jangovar chiqishlari va dilrabo kuy-qo‘shiqlar barchaga zavq bag‘ishladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA