“Uch avlod uchrashuvi”da ustoz jurnalistlardan “master klass”
Navoy shahridagi “Yoshlar markazi”da Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy Uyushmasi viloyati bo‘limi hamkorligida 1 oktyabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri o‘tkazildi.
Navoiylik keksa jurnalistlar hamda sohaga qiziquvchi yoshlar ishtirok etgan uchrashuvda agentlik Axborot xizmati rahbari G‘ulom Sultonov ustoz jurnalistlarni bayram bilan muborakbod etib, “Yoshlar markazi”da “Yosh jurnalistlar klubi” tashkil etilgani hamda 500 nafar yosh orasidan 50 nafar iqtidor egalari tanlanib olinganligi, endilikda yosh jurnalistlarni tarbiyalashda ustoz jurnalistlarning ko‘rsatma va o‘gitlari beqiyos ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston matbuoti va jurnalistikasi tarixida Navoiy viloyati ijod maktabining alohida o‘rni bor. Xususan, bugungi “Karmana ovozi” gazetasining chop etila boshlanganiga joriy yilda 90 yil to‘ldi. Ushbu nashr, qolaversa, qariyb 40 yillik tarixga ega “Do‘stlik bayrog‘i” hamda “Znamya drujbы” gazetalari mamlakatimiz matbuoti uchun zabardast ijodkorlar yetkazib berishda yetakchi nashrlar sanaladi.

– Albatta, bu jarayonlar o‘z-o‘zidan amalga oshmagan, bunday natijalar ulkan salohiyat, mashaqqat va mehnat talab etgani aniq, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi raisi Otabek Aslonov. – Eng muhimi, ana shunday bosqichlarni bosib o‘tgan zabardast ijodkorlar bugungi kunda ham sizu-biz bilan zamondosh. Ularning tajribasi va hayot yo‘lini o‘rganish esa muhim.
Tadbirda 40 yil matbuot sohasida faoliyat olib borib, 30 yil davomida “Karmana ovozi” gazetasiga muharrirlik qilgan Ergash Yoqubov, qariyb 40 yildan buyon sohada ishlab kelayotgan, bugungi kunda “Salomatlik” gazetasi muharriri Ibrohim Jumayev, “Navoiy ziyosi” gazetasining keksa muxbiri Olim Xo‘jayev, “Yangi O‘zbekiston” hamda “Pravda vostoka” gazetalarining viloyatdagi muxbiri, tajribali jurnalist Dilfuza Gulyamova jurnalistika borasida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Bir vaqtlar ikki satr so‘z uchun ko‘plab talantli jurnalistlar ishdan chetlatilgan, bugungi kunda esa axborot tarqatishda hech qanday to‘siq yo‘q, – deydi Ergash Yoqubov. – Bu imkoniyatdan, ayniqsa, yoshlar unumli foydalanishi kerak. Jurnalistikada eng muhim jihat esa halollik va xolislikdir. Ana shu qoidaga qat’iy amal qilinsa, hech bir harakat zoye ketmaydi.
Tadbirda yoshlar so‘z erkinligi va senzura masalalari, xususiy telekanallarda namoyish etilayotgan ayrim maishiy ko‘rsatuvlar haqida fikr-mulohaza bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ustoz jurnalistlardan atroflicha javoblar oldi.
Ijodiy uchrashuv yakunida ustozlarga yoshlar tomonidan kitoblar jamlanmalari sovg‘a qilindi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA