Turkmaniston delegatsiyasi innovatsion yechimlar bilan tanishdi
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan amalga oshirilayotgan "Yevropa Ittifoqi Turkmanistonning yashil rivojlanishi uchun: 2024-2028-yillarga mo‘ljallangan siyosiy muloqot va iqlim harakatlari" milliy loyihasi doirasida Turkmaniston delegatsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tanishuv tashrifi bo‘lib o‘tdi.
Tashrif dasturidan Orolbo‘yi mintaqasi ekotizimlarini tiklash, iqlimga chidamlilikni oshirish va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash uchun innovatsion texnologiyalar va ilmiy-amaliy yechimlarni joriy etishga qaratilgan Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markaziga tashrif ham o‘rin olgan.
Delegatsiya tarkibiga Turkmaniston Energetika vazirligi, Turkmaniston davlat energetika institutining "Qayta tiklanuvchi energiya manbalari" ilmiy-ishlab chiqarish markazi vakillari, shuningdek, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) mutaxassislari kirishdi.

Tashrif davomida mehmonlarga markazning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish, suv resurslarini oqilona boshqarish, barqaror akvakulturani rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, cho‘llanishga qarshi kurashish, biologik xilma-xillikni saqlash va mahalliy hamjamiyatlarning iqlim o‘zgarishi oqibatlariga chidamliligini oshirish bo‘yicha faoliyati taqdim etildi.
Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hududida amalga oshirilayotgan tajriba loyihalariga alohida e’tibor qaratildi. Delegatsiya quyosh va shamol energetikasi qurilmalari, zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimlari, irrigatsiya texnologiyalari va suv resurslarini samarali boshqarish, degradatsiyaga uchragan yerlarni melioratsiya qilish amaliyotlari bilan tanishdi. Bundan tashqari, tashrif ishtirokchilariga Orolbo‘yining qurg‘oqchil iqlimi sharoitida moslashuvchan dehqonchilik, o‘simlik qoplamini tiklash va biologik xilma-xillikni saqlash sohasidagi tadqiqotlar natijalari taqdim etildi.

Ko‘rgazma maydonchalarini ko‘zdan kechirish chog‘ida Markaz mutaxassislari qishloq xo‘jaligi barqarorligini oshirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan innovatsion texnologiyalarni joriy etish tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar. Turkmaniston delegatsiyasi vakillari amalga oshirilayotgan loyihalarning amaliy natijalari bilan tanishib, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha harakatlar, yer va suv resurslarini barqaror boshqarish, shuningdek, qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri