Turkiyalik mutaxassislar ishtirokida murakkab operatsiyalar o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashabbusi bilan Turkiyaning malakali shifokorlari guruhi yurtimizga taklif etilib, ehtiyojmand bolalar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar va murakkab operatsiya amaliyotlari tashkil etilmoqda.
Joriy yil mart oyida “Sog‘lom kelajak” aksiyasi doirasida Surxondaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tibbiy ko‘riklar o‘tkazilib, 34 nafar bolada yuqori texnologiyali operatsiya amaliyotlarini amalga oshirish zarurligi aniqlangan edi.
[gallery-28632]
Shu asosda 6–9-aprel kunlari Turkiyaning nufuzli klinikalaridan tashrif buyurgan mutaxassislar tomonidan saralab olingan bemor bolalarda murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, xorijlik shifokorlar bu kabi xayriya tadbirlarida ilgari ham ishtirok etgan bo‘lib, Farg‘ona, Toshkent, Buxoro va Samarqand viloyatlarida ham tibbiy ko‘riklar va operatsiyalar amalga oshirilgan.
E’tiborli jihati, mazkur operatsiyalar Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan to‘liq moliyalashtirilib, bemorlar uchun bepul tashkil etildi.
Operatsiyalar asosan umumiy xirurgiya, plastik jarrohlik va boshqa yo‘nalishlarda o‘tkazilib, mahalliy shifokorlar uchun ham amaliy tajriba va mahorat darsi vazifasini o‘tamoqda.
Shuningdek, operatsiyadan keyin bemorlar xorijlik mutaxassislar nazoratida bo‘lib, ularning salomatligi muntazam kuzatib borilmoqda.
Bu kabi tashabbuslar aholi, ayniqsa, ehtiyojmand oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA