Turkiyalik mutaxassislar ishtirokida bepul tibbiy-ko‘rik tashkil etildi
Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan “Sog‘lom kelajak” aksiyasi doirasida Turkiyaning nufuzli tibbiyot klinikalaridan jalb etilgan malakali mutaxassislar Xorazm viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘lib, ehtiyojmand oila farzandlarini chuqurlashtirilgan tibbiy-ko‘rikdan o‘tkazdi.
– Har bir bola – davlatimizning yuksak e’tibor va himoyasida, – deydi Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi ijrochi direktori Marat Sodiqov. – Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oila farzandlarini to‘liq himoyaga olish, ular salomatligini tiklash, nazorat qilish va davolash fondimizning asosiy vazifalaridan biriga kiradi. Xususan, kechiktirib bo‘lmaydigan og‘ir turdagi kasalliklarni yurtimiz va xorij klinikalarida o‘z vaqtida davolash, malakali tibbiy-ko‘riklarni tashkil etish, bemor bolajonlarga yordam berish maqsadida Turkiyaning tajribali shifokorlar guruhi yurtimizga taklif etilib, chuqurlashtirilgan tibbiy-ko‘riklar va amaliyotlar shu yerning o‘zida tashkil etilmoqda.
Qayd etilishicha ushbu shifokorlar jamoasi O‘zbekistonga sakkizinchi marotaba kelishdi. Bundan avval ular Farg‘ona, Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida birinchi bosqichda bemor bolajonlarni chuqurlashtirilgan tibbiy-ko‘rikdan o‘tkazgan. O‘tgan davr mobaynida ular tomonidan qariyb 210 dan ortiq murakkab amaliyotlar bajarildi.
E’tiborli jihati, ushbu xayriya aksiyasi Jamoat fondi tomonidan to‘liq moliyalashtirilib, aholi uchun bepul tarzda amalga oshirilmoqda.
[gallery-28729]
Xorazm viloyatidan ham murojaatlar ko‘p. Biroq diagnostika tekshiruvlari natijasida jami 243 ta, shundan 144 ta umumiy xirurgiya, 31 ta kardiologiya va 68 ta murakkab plastik xirurgiya yo‘nalishida bolalar tibbiy-ko‘rikdan o‘tkazilib, ularni reabilitatsiya qilish va keyingi bosqichda operatsiyaga tayyorlash uchun saralab olindi.
Endilikda turli darajadagi murakkab amaliyotlar may oyida turk va mahalliy shifokorlar ishtirokida o‘tkaziladi. Bu esa o‘z navbatida mahalliy shifokorlar uchun “mahorat darsi” ham hisoblanadi.
Albatta, bunday tajriba fuqarolarimiz uchun, qolaversa, bu mablag‘larning Jamoat fondi tomonidan qoplab berilishi tom ma’noda “Inson qadri uchun” shiorining nechog‘lik yuksak qadriyat ekanligini amalda ko‘rsatib turibdi. Bu bilan bog‘liq barcha xarajatlarning Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat Fondi tomonidan qoplab berilishi og‘ir va dardmand oila farzandlariga berilayotgan ijtimoiy yordamning amaliy ifodasidir.
– 2024-yil oktabr oyida avtotransport hodisasi natijasida qizim jarohatlandi, – deydi Lobarxon Quronboyeva. – Hozirda qo‘ltiq tayoq bilan zo‘rg‘a harakatlana oladi. Jarrohlik amaliyotini qildirish uchun Turkiyaga borishimiz kerak emas ekan. Mutaxassislarning o‘zlari shu yerga kelib qizimni operatsiya qilishar ekan. Hozirda chuqur tekshiruvlardan o‘tmoqda. Buning barchasi uchun Prezidentimizga, davlatimizga, shifokorlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Xorijlik mutaxassislarni ko‘proq O‘zbekistonga jalb etish, nafaqat tajriba almashish, balki murakkab amaliyotlarni bamaslahat, mahorat darsi sifatida o‘tkazilishi o‘zaro fikr almashish maydonini ham yuzaga keltiradi.
– Biz amalga oshiradigan muolajalar kuyish asoratlari, yuz va tanglay nuqsonlari kabi kasalliklardir. Kichik yoshda qilinadigan bu turdagi operatsiyalar bolalarning kelajakdagi hayoti va jamiyatga moslashishi uchun muhim omil hisoblanadi. Hududda jarrohliklarni amalga oshirishdan maqsadimiz mahalliy sharoitda O‘zbekistonning o‘zida bolalarning muammolarni bartaraf etishdir. Bizga bu imkoniyatni yaratib bergan O‘zbekiston rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Chunki, qilinayotgan ishlar juda xayrli. Bolalarga yordam bersak kelajakda ularni jamiyatga foydali insonlar sifatida qaytargan bo‘lamiz, – deydi turkiyalik jarroh Mehmet Bo‘zkurt.
Tibbiy-ko‘rik uchun turk shifokorlari huzuriga kelgan bemor bolalar va ularning ota-onalarining quvonchini ko‘zlaridan anglash qiyin emas.
Bu kabi tajriba almashuv aloqalari respublikamizning boshqa hududlarida ham davom ettiriladi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari