Turkiya Media sanoati tarixiy yo‘li
O‘tgan asr 80-yillari oxirigacha turk ommaviy axborot vositalari gazeta va jurnallarni birlashtirgan bir necha nashriyot hamda TRT jamoat teleradiokompaniyasidan iborat edi. Mamlakat o‘sha davrda jiddiy evrilishni boshdan kechirarkan, erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tib, oldingi o‘n yilliklardagi proteksionizm paradigma (namuna)sidan keskin voz kecha boshladi, matbuot ham keskin o‘zgarishlarga duch keldi.
Barcha yirik gazetalar jurnalistikaga qiziqmagan, ammo intiluvchan ishbilarmonlarga sotildi. Ular mavjud monopoliya xususiylashtirilganda hukumat bilan munosabatda ommaviy axborot vositalaridan yordam olishni mo‘ljalladi.
1990 yil radio monopoliyasi amalda sindirilgach, bank, qurilish, energetika va sanoat sohasidagi tadbirkorlar yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalandi. Bosma matbuot va radioga qiziqqan kross-media guruhlari tashkil topdi va bu jarayon juda ta’sirli kechdi. OAV hukumat va biznes o‘rtasidagi o‘yinning bir qismiga aylandi.
Vaziyat faqat 2002 yil mamlakatni iqtisodiy tanazzul yoqasiga olib kelgan yirik bank inqirozi ortidan Adolat va Taraqqiyot partiyasi (ATP) hokimiyatga kelganda o‘zgardi. Partiya yetakchisi Erdog‘an o‘zidan oldingilar yo‘lidan borish, OAV egalari bilan murosa qilishdan manfaatdor emas edi. Shu bois u o‘z trayektoriyasini yaratdi va atrofidagi muvaffaqiyatli biznesmenlar OAVni egallashiga yordam berdi.
Endilikda yuzlab televizion kanallar, minglab mahalliy va milliy radiostansiyalar, bir necha o‘nlab gazeta, samarali va daromadli milliy kino va keng polosali Internet tez o‘sishi Turkiyada dinamik media sanoatini maydonga olib chiqdi.
Mamlakatda televideniye 18 million xonadonni qamrab olgan eng nufuzli vosita bo‘lib qolmoqda. Aksariyat uylarda sun’iy yo‘ldosh antennasi va ko‘p kanalli platformalarga kirish imkoni mavjud. “TRT” jamoat teleradiokompaniyasi va bir necha katta-kichik tijoriy tuzilmalar yuzlab telekanallarni taklif qiladi. Baribir, aksariyat tomoshabinlar besh tarmoq kanali atrofida to‘plangan: “Kanal D”, “Show TV”, ATV, “Fox” va “Star”. To‘g‘ri, “Varner vaqti”, “Yangiliklar” korporatsiyasi, “Al-Jazira” kabi qator xorijiy investitsiya manbalari mavjud, ammo baribir televideniye asosan mahalliy biznes bo‘lib qolmoqda.
Hozir bor-yo‘g‘i 14 kanalga ega Ommaviy teleradiokompaniya 1990 yil monopoliyadan voz kechdi va o‘shandan beri o‘z auditoriyasini qaytarishga harakat qilmoqda. Tuzilma tarkibida bayroqdor TRT-1, shuningdek yangiliklar, sport, bolalar, musiqa va hujjatli film kanallari bor. Kurd tilidagi eshittirishlar masalasida uzoq davom etgan keskin munozara kurd tilidagi TRT-6 xizmati ishga tushgach to‘xtadi. TRT huzurida Yaqin Sharqqa yo‘naltirilgan arab tilidagi va Markaziy Osiyoga madaniy ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan turkiy tillardagi kanallar ham ishlaydi.
“Turksat” milliy sun’iy yo‘ldosh operatori yuzdan ortiq kanalni efirga uzatadi, kanallarning ba’zilari “HD” formatda ishlaydi.
Turkiya aholisining yarmi internetga ulangan, 18 million xonadonning ham yarmida kompyuter bor. Mamlakatda 30 millionga yaqin odam ijtimoiy tarmoq a’zosi va bu borada Turkiya dunyodagi eng faol uchinchi davlat hisoblanadi. Internetdagi eng mashhur manba video almashish saytlari. Birgina “YouTube” butun internet-trafikning 10 foizini egallaydi.
Turkiyada 100 ga yaqin kundalik gazeta va ko‘plab jurnallar chop etiladi.
Usmonlilar imperiyasi vakili Sulton Mahmud II davridan buyon, ya’ni 1831 yildan nashr etila boshlangan turkiy tildagi birinchi rasmiy gazeta – “Voqealar taqvimi” (Takvim-i Vekayi) sahifalarida dastlab, asosan, o‘sha davr farmonlari, sulton farmoyishlari, saroy tantanalari tavsifi chop etilgan. Gazeta arab, arman, fors, fransuz va yunon tillarida chiqqan. “Voqealar taqvimi”ning rasmiy muharriri-noshiri pochta bo‘limi mudiri Chapanzoda Ogah-afandi edi. Zamondoshlari xotirasiga ko‘ra, gazetaning haqiqiy muharriri va ilhomchisi islohotchi Reshid poshoning ko‘zga ko‘ringan safdoshlaridan biri Ibrohim Shinasi bo‘lgan. Shoir,jurnalist va yozuvchi Nuzxet Mehmed ham gazeta xodimi edi. Nashr bir necha marta yopilgan. Nihoyat, “Rasmiy gazeta” (Resmî Gazete) tashkil qilinishi bilan faoliyatini to‘xtatgan. “Rasmiy gazeta” 1925 yildan 2018 yilgacha nashr etilgan.
Turkiyadagi eng mashhur gazetalar mamlakatdagi dolzarb va ob’ektiv axborotning asosiy manbalari sanaladi.
Yana bir keksa nashr – “Respublika” (Cumhuriyet) gazetasiga jurnalist Yunus Nodi Abali o‘g‘li tomonidan 1924 yil 7 mayda Istanbulda asos solingan. “Ozodlik” (Hürriyet, 1948 yil), “Millat” (Milliyet, 1950 yil) keng polosali formatdagi, shiori “Turkiyaning eng yaxshi gazetasi” bo‘lgan “Tong” (Sabah, 1985 yil) Izmirda tadbirkor Dinch Bilgin tomonidan asos solingan kundalik gazetalar, qator jurnallar, elektron nashrlar ham bor.
Turkiyada 4 ta axborot agentligi mavjud: “Anadolu”, “ANKA”, “Jahon” (Cihan Haber Ajansı), “Ixlos”.
O‘zAning yaqin hamkori – “Anadolu” axborot agentligi 1920 yil 6 aprelda tashkil etilgan. Ayni payt agentlik aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi, aksiyasining 49 foizi davlatga, 51 foizi xususiy investorlarga tegishli. Agentlikning shiori “Ishonchli, xolis va sezgir jurnalistika”.
Bosh qarorgohi Anqarada joylashgan “Anadolu”ning 30 dan ortiq mamlakatda filiali mavjud. Agentlik yangiliklarni turk, alban, ingliz, arab, bosniya, kurd, makedon, fors, fransuz hamda rus tillarida uzatadi.
“ANKA” axborot agentligi Anqara shahrida 1972 yil tashkil etilgan bo‘lib, turk tilida faoliyat olib boradi. “Anka” so‘zi turk tilida qaqnus (feniks) ma’nosini anglatadi.
“Jahon” axborot agentligi 1994 yil 1 yanvarda Istanbulda tashkil etilgan. Shiori “Biz bormiz”. Xabarlarni Turkiyaning 81 viloyati, 284 mintaqasi, shuningdek Yevropa, Janubiy Amerika, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Uzoq Sharq va Bolqon yarim oroli bo‘ylab turk, arab, ingliz va rus tillarida uzatgan. Agentlik faoliyati 2016 yil 27 iyulda tugatilgan.
1993 yil tashkil etilgan “Ixlos” media xolding tarkibiga kiruvchi xalqaro agentlik. 145 axborot stoliga ega. Axborotni Bag‘dod, Basra, Moskva, Istanbul, Qohira, Parij, London, Vashington, Frankfurt va Anqaradan jonli efirga uzatiladi. CBS, CNN, FOX, NBC, NHK, RAI, ZDF, ABC, “Al-Jazira” telekompaniyalari bilan hamkorlik qiladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA