Turkiya 2027-2029-yillarga mo‘ljallangan yangi iqtisodiy dasturini e’lon qildi
Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz mamlakatning 2027-2029-yillarga mo‘ljallangan o‘rta muddatli iqtisodiy dasturini taqdim etdi.
“Sinxua” axborot agentligi yozishicha, hukumat mamlakat yalpi ichki mahsulotini 2,2 trillion dollardan ortiqqa, tovarlar va xizmatlar eksportini 450 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadni 25 000 dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Anqara shuningdek, 2,1 million yangi ish o‘rinlari yaratishni va ishsizlikni 8 foizdan pastga tushirishni mo‘ljal qilmoqda.
Dastur sun’iy intellekt, superkompyuter texnologiyalari va mahalliy yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. Mamlakat shuningdek, muhim texnologiyalar va resurslarning importga bog‘liqligini kamaytirish niyatida.
S.Rahimov, O‘zA