Turkiy davlatlar parlamentlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvi tashkil etildi
Parlamentlararo ittifoqning Istambulda o‘tkazilayotgan 152 - assambleyasi doirasida Turkiy davlatlar parlamentlari rahbarlarining birinchi norasmiy uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi.
Unda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida davlat rahbarlari o‘rtasida shakllangan samarali hamkorlik natijasida iqtisodiy rivojlanish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda madaniy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan qator tashabbuslar amalga oshirilayotgani qayd qilindi.

Ishtirokchilar parlamentlarning ushbu jarayondagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, qonunchilik bazasini takomillashtirish, qabul qilingan qarorlar ijrosi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini ta’minlash orqali hamkorlikni yanada kuchaytirish, barqaror taraqqiyotni ta’minlashda muhim institut sifatida namoyon bo‘layotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston tomoni turkiy davlatlar o‘rtasida parlamentlararo muloqotni yanada rivojlantirish, qonunchilik faoliyatini muvofiqlashtirish, ta’lim, fan, madaniyat va iqtisodiy hamkorlik sohalarida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish hamda ilg‘or tajribalar bilan o‘zaro o‘rtoqlashishga tayyor ekanini bildirdi.

N.Abduraimova, O‘zA