Turizm sohasida xotin-qizlar ishtiroki
Bo‘stonliq tumanida “Migratsiyadan qaytgan xotin-qizlarni turizm sohasiga jalb qilish orqali iqtisodiy reintegratsiyani ta’minlash va ularni turizm sohasiga jalb qilish” bo‘yicha o‘quv-seminar bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi mas’ullari, Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Niyazov, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) loyihalari koordinatori Antti Karttunen, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Nilufar Normirzayeva, turizm sohasi mutaxassislari, tadbirkor ayollar qatnashdi.

Tadbirda asosiy e’tibor turizm sohasiga investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ushbu sohada xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratildi. Mutaxassislar tomonidan kun tartibiga kiritilgan taqdimotlarda bu borada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda turizm sohasi yil sayin yangi bosqichga ko‘tarilib, mahalliy va xorijlik sayyohlar sonini oshirish, joylarda ko‘rsatilayotgan xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, Toshkent viloyati hududlarini ham sayyohlarga ko‘proq tanishtirish, ularga qulay sharoit yaratish, mazkur sohada tadbirkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi ishlar o‘z samarasini bermoqda.

Seminar davomida turizm sohasida biznes qilish uchun sertifikat olish tartibi haqida aytildi. Joylarda mehmonxona, hostel, mehmon uylari, kemping uylarini tashkil etish va samarali ish yuritish borasida amaldagi tajribalardan misollar keltirildi. Shuningdek, xorijlik sayyohlarga xizmat ko‘rsatish, buning uchun malakali mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Tahlillarga ko‘ra, 2021 yilda mamlakatimiz bo‘yicha gidlar soni 2 ming 309 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil yanvar holatiga kelib bu ko‘rsatkich 3 ming 420 nafarga yetdi. Bu esa so‘nggi 4 yil ichida gidlar sonining 48 foizga oshganini ko‘rsatadi. Ularning ko‘pi Samarqand, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida faoliyat yuritmoqda. Bu esa ushbu hududlarning turistik salohiyati yuqori bo‘layotganidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, mutaxassislar tomonidan jahon turizm industriyasida xotin-qizlar roli ortib borish tendensiyasi yaqqol namoyon bo‘layotgani ham ma’lum qilindi. Bugungi kunda turizm sohasida ishlayotgan kadrlarning jahon bo‘yicha taxminan 54 foizini aynan xotin-qizlar tashkil etadi. Bu umumiy iqtisodiyotdagi ayollar ulushidan yuqori ko‘rsatkichdir.

Xorijda mehnat qilib, mamlakatimizga qaytgan ayollar orasida rus, turk, koreys va boshqa tillarni o‘rganganlari ko‘p. Endi ular ushbu mahoratini turizmda qo‘llab, iqtisodiy mustaqillikka erishishi mumkin. Seminarda bu borada fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi hamda joylardagi mavjud imkoniyatlar va ulardan unumli foydalanish haqida ham so‘z yuritildi.

Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirishda ekologik hamda gastronomik turizm turlari salohiyati bo‘yicha axborot berildi. Seminar yana ikki kun davom etadi va unda turizmning boshqa tarmoqlarida ayollar bandligini ta’minlash masalalari o‘rganiladi.
A.Musayev, O‘zA.