Turizm industriyasining rivojlanishida yangi bosqich
Tahlil
Keyingi yillarda butun dunyoda turizmni rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilyapti. Mamlakatimizda ham ayni shu yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlar boshlangan va bu o‘z samarasini bermoqda.
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yurtimizda 2017 yildan 2019 yilga qadar turizm sohasidan olingan daromad 2,5 barobarga ortgan. 2019 yilda turizm xizmatlari eksporti YAIMga nisbatan 2,3 foizni tashkil qilgan. Ammo bu hali ayni borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p ekanini anglatib turibdi.
Umuman jahon iqtisodiyotida turizm industriyasi juda salmoqli o‘rin egallagan bir paytda O‘zbekiston bu borada katta imkoniyatga ega bo‘la turib, uni e’tiborsiz qoldirishi mumkin emas hamda hozirgi taraqqiyotimizga mos emas. Zero zamonaviy turizm maqsadlariga erishishning eng muhim omili hamma uchun birdek qulay infratuzilma, sayyohlarni toliqtirmaydigan ravon yo‘llar, namunali xizmatlar bilan bog‘lanadi.
Prezidentimiz tomonidan 9 fevral kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon ham shu yo‘nalishdagi ishlarni isloh qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Unda turizm sohasidagi imtiyozlarni 2021 yilning so‘ngigacha uzaytirish, turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun foyda solig‘ini belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirish kabi muhim vazifalar belgilab qo‘yilgan. Eng muhimi, joriy yilda 1,7 million xorijiy, 7,5 million mahalliy sayyohlarni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 370 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar allaqachon boshlab yuborilgan.
Nafaqat O‘zbekiston balki jahon durdonalaridan biri bo‘lgan afsonaviy Samarqandni haqiqiy ma’noda ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish uchun qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak?
11 fevral kuni davlatimiz rahbari Samarqandning turizm salohiyati, shu jumladan, ziyorat turizmini rivojlantirishga doir taqdimotlar bilan tanishdi. Ma’lumki, Prezidentimiz tomonidan Samarqand shahridagi osori-atiqalarimizni mustahkam asragan holda infratuzilma ob’ektlarini tubdan takomillashtirish, jumladan, yo‘l va ko‘priklar, mehmonxonalar hamda ma’muriy majmualar bunyod etish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.
Ularga muvofiq bir qator loyihalar ishlab chiqildi. Mamlakatimiz rahbari taqdim etilgan loyihalarni ko‘zdan kechirar ekan, asosiy e’tiborni, avvalo, oddiy odamlarimiz, samarqandliklar sharoitlarini yaxshilash, ko‘chalarni kengaytirish, turar joylar qurish, muazzam ziyoratgohlarimizni obod qilish, bu yerga tashrif buyuruvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, zaruriy inshoot va majmualarni bunyod etish, shaharni ko‘kalamzorlashtirish masalalariga qaratdi.
Keyingi yillarda yurtimizda buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish, ular yotgan qabrlarini obod qilish, ziyoratchilar uchun sharoitlarni kengaytirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar bajarilyapti. Endi Imom Buxoriy majmuasining qiyofasi ham atrofdagi o‘zgarishlarga hamohang ravishda o‘zgartiriladi.
– Prezidentimizga yaqin yillarda Samarqandni yirik turistik va logistik markazga aylantirish nuqtai nazaridan amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi, – deydi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov. – Yirik tadbirlar hamda ko‘plab mahalliy va xorijiy sayyohlarni qabul qiladigan Samarqand turistik markazi, shahar hududida qurilayotgan mehmonxonalar, ziyorat turizmi uchun juda muhim bo‘lgan Imom Buxoriy majmuasi loyihalari taqdimot qilindi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yaratilayotgan barcha ob’ektlar yaqin yillarda Samarqandda yirik tadbirlarni ham o‘tkazishga imkon yaratadi. Shaharda yirik investitsion va infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan bir nechta loyihalar ham amalga oshiriladi. Buning natijasida Samarqandning uzluksiz elektr energiyasi va gaz ta’minoti, suv ta’minoti, kanalizatsiya tizimi yaxshilanadi.
Ma’lumki, Samarqand qadimdan Buyuk ipak yo‘li markazlaridan biri bo‘lgan va uning bugungi kunda ham salohiyati yuqori. Shunga monand mazkur viloyatda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha katta hajmda ishlar bajarilyapti.
Xususan, Samarqand tumanida turistik markaz tashkil etilmoqda. Bu so‘lim maskanda 8 ta zamonaviy mehmonxona, yirik anjumanlar zali, restoranlar, bog‘ va saylgohlar bo‘ladi. Ushbu turistik markazni Samarqand xalqaro aeroporti, temir yo‘l vokzali, Imom Buxoriy maqbarasi, Registon maydoni va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan bog‘laydigan ko‘chalar ta’mirlanmoqda.
Samarqand shahrining turizm salohiyatini rivojlantirish maqsadida 10 ta yangi mehmonxona barpo etilmoqda. Transport, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari rivojlantiriladi, Samarqand shahri obodonlashtirilib, savdo va xizmatlar hajmi kengaytiriladi.
Gap soha salohiyatini oshirish haqida borar ekan, so‘nggi yillarda uni yangi bosqichga ko‘tarish, yangicha mezonlar asosida ravnaq toptirishning huquqiy asoslari mustahkamlanayotganini ta’kidlash joiz. Bu borada Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim dusturilamal bo‘lmoqda.
Mazkur hujja, avvalo, yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi bandligini ta’minlashni nazarda tutishi bilan ahamiyatli. Farmonga asosan turizm xizmatlari eksportini 370 million dollarga yetkazish maqsad qilingan ekan, bu borada eng katta manba, albatta, ziyorat turizmi hisoblanadi.
Chunki mamlakatimizda islom diniga oid ko‘plab ziyoratgohlar, shuningdek, yahudiylik, buddaviylik yodgorliklari bo‘lib, imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali 700 ming ziyoratchini jalb qilish va 130 million dollarlik xizmatlar eksportini ta’minlash mumkin.
– Mazkur farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga ham qator vazifalar yuklatilgan, – deydi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik huquqiy departamenti direktori o‘rinbosari Shohrux Bobonov. – Mamlakatimizning xorijdagi diplomatik va konsullik muassasalari tomonidan O‘zbekistonda ziyorat turizmini yanada rivojlantirish maqsadida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish masalalari belgilangan. Bu ishlar xorijdagi diplomatik va konsullik muassasalari tomonidan qator tadbirlar, brifing, anjumanlar uyushtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bu esa, o‘z navbatida, yurtimizga sayyohlar oqimining ko‘payishiga zamin yaratadi.
Farmon bilan endilikda mahalliy turistlarning O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishini rag‘batlantirish uchun respublika hududlarini o‘zaro bog‘lovchi aviareyslar va temir yo‘l qatnovi geografiyasi yanada kengaytiriladigan bo‘ldi.
Jumladan, Farg‘ona – Urganch – Farg‘ona, Termiz – Urganch – Termiz hamda Qarshi – Urganch – Qarshi aviareyslari yo‘lga qo‘yiladi va Andijon – Xiva – Andijon temir yo‘l qatnovi soni oshiriladi.
– Hozirgi kunda avtotransport qatnovi orqali vodiydan Termizga yoki Urganchga yetib borish kamida 12-14 soat vaqtni oladi, – deydi Transport vazirligi boshqarma boshlig‘i Jamshid Po‘latov. – Aviaparvoz esa ushbu masalani bir soatga tushiradi. Bu esa fuqarolar, sayyohlar uchun qulaylik yaratib, ularning transport vaqtlarini qisqartiradi. Buning evaziga ushbu vaqtlarini sayyohlar tarixiy, madaniy meroslarni ko‘rishga sarflashlari mumkin bo‘ladi.
Termiz – Qarshi – Xiva, Xiva –Urganch – Nukus va Termiz – Qarshi – Samarqand yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy temir yo‘l qatnovi joriy qilinadi. Mazkur yo‘nalishlardagi aviareyslar va temir yo‘l qatnovlarini, shuningdek, Toshkentdan Buxoro, Nukus, Termiz va Urganch shaharlari hamda Farg‘ona vodiysi yo‘nalishlari bo‘yicha aviareyslarni subsidiyalash yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda davlat byudjetidan aviatashuvchilarga mazkur yo‘nalishdagi aviaqatnovlarda aviachipta narxining 25 foizini subsidiyalash uchun 37 milliard so‘m, turoperator va turagentlarga avia va temir yo‘l chiptalari narxining 15 foizi hamda mehmonxona xizmatlari narxining 10 foizini subsidiyalash uchun 27 milliard so‘m ajratiladi. Bu mablag‘lar yurtdoshlarimizga yengillik yaratish barobarida soha imkoniyatlarini kengaytirishga ham xizmat qiladi.
Nurillo NASRIEV,
O‘zA muxbiri