Turizm bo‘yicha yangi kelishuvlar
Yaqinda respublikamiz poytaxtida bo‘lib o‘tgan “Ipak yo‘lida turizm” XXIX Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida Jizzax viloyati hokimligi vakillari ham ishtirok etib, bir qator xorijiy davlatlarning vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi va ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarga erishildi.
Jumladan, Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Sardor Shukurullayev Belarus hamda Qozog‘iston davlatlari vakillari bilan B2B formatda uchrashuvlar o‘tkazdi.


Mazkur uchrashuvlarda Jizzax viloyatining turizm salohiyati, ekoturistik maskanlari, mehmonxonalar va sayyohlar uchun tashkil etilgan turizm xizmatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.

Uchrashuv davomida Jizzax viloyatining turizm imkoniyatlarini targ‘ib qilish va Belarus davlatidan Jizzax viloyatiga keluvchi sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.


Shuningdek, Qozog‘iston davlatining bir qator nufuzli turkompaniyalari va Turkiston viloyati vakillari bilan Jizzax viloyatiga xorijiy sayyohlarni jalb etish bo‘yicha muzokara o‘tkazildi. Ekoturizm, ekstremal tog‘ turizmi, madaniy turizm, ziyorat turizmi, etnoturizm, gastroturizm hamda ishbilarmonlik turizmi (MICYe) kabi yangi turpaketlarni yo‘lga qo‘yish, targ‘ib qilish va Qozog‘iston davlatidan ham Jizzax viloyatiga keluvchi sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri