Transport diplomatiyasi: O‘zbekiston yangi logistika markaziga aylanmoqda
O‘tgan asrda davlatning iqtisodiy ahamiyati ko‘p jihatdan uning tabiiy resursi, dengiz portiga chiqishi yoki katta ichki bozori bilan belgilanar edi. XXI asrda bunga yana bir muhim jihat – global ta’minot zanjirida egallagan o‘rin ham qo‘shildi.
Bugun mamlakatning iqtisodiy qudrati faqat nimani ishlab chiqarayotgani bilan emas, balki uning hududi orqali qanday tovar oqimlari o‘tayotgani bilan ham baholanmoqda. Shu bois, transport infratuzilmasi endi muhandislik ob’ekti emas, tashqi siyosat va iqtisodiy strategiyaning ajralmas qismiga aylandi.
Mazkur jarayon oxirgi yillarda yanada tezlashdi. COVID-19 pandemiyasi global ta’minot zanjirlarining qanchalik nozik masala ekanini ko‘rsatib berdi. Ayniqsa, Rossiya – Ukraina nizosi Yevroosiyodagi an’anaviy logistika yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. Qizil dengizdagi xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar esa tashuvlar xavfini oshirdi. Oqibatda davlat va yirik kompaniyalar yukni birgina marshrut orqali emas, balki bir nechta muqobil yo‘laklar orqali tashish strategiyasini shakllantira boshladi. Aynan shu jarayon Markaziy Osiyoning ahamiyatini keskin oshirdi.
Bir vaqtlar dunyo xaritasida dengizga chiqish imkoniyati yo‘q hudud sifatida qaralgan mintaqamiz bugun Yevropa bilan Osiyoni bog‘laydigan quruqlik yo‘lagining eng muhim bo‘g‘inidan biri sifatida baholanmoqda. Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, CAREC va TRACECA kabi xalqaro institutlar oxirgi hisobotlarida Markaziy Osiyoni Yevroosiyo logistika tizimining muhim halqasi sifatida qayd etmoqda.
Bu o‘zgarish O‘zbekiston uchun ham mutlaqo yangi imkoniyatlar ochmoqda. Avvallari mamlakatning dengizga chiqish imkoniyati yo‘qligi tashqi savdo uchun jiddiy cheklov sifatida qaralgan bo‘lsa, bugun aynan uning Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgani strategik ustunlikka aylanib boryapti.
2017-yildan boshlab o‘lkamiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qo‘shni davlatlar bilan transport bog‘liqligini kengaytirish, yangi xalqaro yo‘laklarni shakllantirish va davlatning tranzit salohiyatini oshirish belgilandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev turli xalqaro sammit va muzokaralarda transport koridorlarini rivojlantirishni iqtisodiy integratsiyaning asosiy sharti sifatida izchil ilgari surib kelmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish Markaziy Osiyoning raqobatbardoshligini oshirish, tashqi bozorga chiqishni kengaytirish va mintaqa davlatlarining iqtisodiy barqarorligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini bir necha bor ta’kidlagan.
Bugun bu siyosat alohida loyihalar yig‘indisi sifatida emas, yaxlit geoiqtisodiy strategiya sifatida namoyon bo‘lmoqda. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li, Transafg‘on temir yo‘li, Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi, Termiz logistika markazi va qo‘shni davlatlar bilan transport infratuzilmasini uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar bir maqsadga xizmat qilmoqda. Bu ham bo‘lsa Yangi O‘zbekistonni Yevroosiyodagi muhim transport va logistika markazlaridan biriga aylantirishdir.
Markaziy Osiyo yana global logistika markaziga aylanmoqda
Dunyo sahnasidagi vaziyatdan kelib chiqib, ilgari kompaniyalar uchun tashish xarajati birinchi o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, bugun yetkazib berish barqarorligi va marshrut diversifikatsiyasi asosiy mezonga aylandi. Boshqacha aytganda, dunyo bir yo‘lakka emas, bir nechta ishonchli yo‘laklarga ehtiyoj seza boshladi. Ana shu ehtiyoj Markaziy Osiyoning ahamiyatini sezilarli darajada oshirdi.
Jahon banki ekspertlari ta’kidlaganidek, Yevroosiyodagi savdo oqimlarining o‘sishi va ta’minot zanjirining diversifikatsiya qilinishi quruqlik orqali o‘tadigan transport yo‘laklariga bo‘lgan talabni yanada kuchaytirmoqda. Bu jarayonda mintaqamiz mamlakatlari geografik joylashuvini iqtisodiy afzallikka aylantirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Mintaqada hozir bir vaqtning o‘zida uchta yirik strategik transport o‘qi shakllanmoqda.
Birinchi yo‘nalish Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li, ikkinchisi Transafg‘on temir yo‘li, uchinchisi Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagidir. Bu loyihalarni alohida ko‘rib chiqish mumkin. Ammo ularning haqiqiy ahamiyati o‘zaro bog‘liqligidadir. Agar jahon xaritasiga nazar tashlasak, qiziq manzara yuzaga keladi. Sharqdan Xitoy orqali kelayotgan yuklar Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga kirishi mumkin. Bu yerdan ularning bir qismi Transafg‘on temir yo‘li orqali Pokiston portlariga yo‘naladi. Yana bir qismi esa Qozog‘iston va Turkmaniston orqali Kaspiy dengizi sohiliga chiqib, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali Yevropa bozorlariga yetib boradi.
Ya’ni, O‘zbekiston bitta transport yo‘lagi ishtirokchisi emas. U bir nechta xalqaro logistika tizimlari tutashadigan transport tugun (xab) ga aylanishga intilmoqda. Bilamizki, ayrim mamlakatlar yagona xalqaro yo‘lakka tayanadi. O‘zbekiston esa aksincha, tashqi savdo xavfsizligini oshirish maqsadida turli yo‘nalishlarni bir vaqtning o‘zida rivojlantirmoqda. Bu esa geoiqtisodiy xavflarni boshqarish strategiyasi demak.
Agar muayyan siyosiy yoki harbiy sabablarga ko‘ra bir yo‘nalishda muammo yuzaga kelsa, mamlakat tashqi savdosi boshqa transport yo‘laklari orqali davom etishi mumkin. Jahonda yoz berayotgan so‘nggi voqealar aynan shunday diversifikatsiyaning ahamiyatini yaqqol namoyon qildi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekiston ishtirok etayotgan har bir transport loyihasi alohida investitsiya emas, balki yagona strategiyaning bir qismi hisoblanadi. Bu strategiyaning markazida esa mamlakatning geografik joylashuvini iqtisodiy qiymatga aylantirish g‘oyasi turibdi.
Shu bois ham keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro uchrashuvlarda transport bog‘liqligi, yangi transport koridorlarini rivojlantirish va mintaqa ichida logistika infratuzilmasini uyg‘unlashtirish masalasini tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida muntazam ilgari surib kelmoqda. Bu yondashuv faqat O‘zbekiston uchun emas, balki butun Markaziy Osiyoning global iqtisodiy tizimga chuqurroq integratsiyalashuviga xizmat qiladi.
Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li afzalligi
Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan transport loyihalari ichida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzulardan biri hisoblanadi. Buning sababi loyihaning qiymati yoki muhandislik ko‘lamida emas, uning haqiqiy ahamiyati Yevroosiyoning iqtisodiy xaritasini qayta shakllantirish imkoniyatida. Uch davlat o‘rtasida mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha uzoq yillar muzokara olib borildi. Bir necha bor iqtisodiy hisob-kitoblar qayta ko‘rib chiqildi, texnik parametrlar o‘zgartirildi. Faqat 2023-yilda amaliy bosqichga o‘tishga xizmat qiluvchi uch tomonlama kelishuv imzolandi. 2026-yilga kelib esa qurilish ishlari faol bosqichga o‘tdi. Temir yo‘lning umumiy uzunligi taxminan 454 kilometrni tashkil etadi. Marshrut Xitoyning Qashqar shahridan boshlanib, To‘rug‘art, Arpa va Qorasuv orqali Andijongacha yetib keladi. Loyihani 2030-yilga qadar to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.
Hozirgacha Xitoydan Markaziy Osiyoga, keyin esa Yevropaga yo‘naladigan yuklarning katta qismi Qozog‘iston orqali harakatlanadi. Bu yo‘nalish yillar davomida shakllangan, infratuzilmasi nisbatan rivojlangan va asosiy quruqlik marshruti vazifasini bajarib kelmoqda. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li esa ushbu tizimga ikkinchi mustaqil quruqlik yo‘lagini qo‘shadi. Shu ma’noda, mazkur temir yo‘lning asosiy vazifasi raqobat qilish emas, balki diversifikatsiya qilishdir.
Temir yo‘llar faqat mavjud tovarlarni tashimaydi. Ular yangi ishlab chiqarish hududlarini ham shakllantirishga xizmat qiladi. Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki tahlilida ta’kidlanganidek, transport infratuzilmasi yaxshilangan hududlarda investitsiyalar oqimi tezlashadi, eksportbop sanoat korxonalari ko‘payadi va logistika xizmatlari bozori kengayadi. Shunday ekan, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatining ahamiyati ham ortadi. Agar ilgari Farg‘ona vodiysi asosan ichki ishlab chiqarish markazi sifatida qaralgan bo‘lsa, yangi transport infratuzilmasi uni tashqi bozorlarga yaqinroq bog‘laydigan eksport platformasiga aylantirishi mumkin.
Transport diplomatiyasi
Respublikamiz so‘nggi yillarda transport infratuzilmasini qurish bilan cheklanmayapti. Mamlakat o‘z tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida transport diplomatiyasini shakllantirmoqda. Bu atama keyingi yillarda xalqaro munosabatlarda tobora ko‘proq qo‘llanilmoqda.
Uning mohiyati oddiy: davlatlar transport yo‘laklarini faqat yuk tashish vositasi sifatida emas, balki iqtisodiy integratsiya, investitsiya jalb qilish va tashqi siyosiy ta’sirni kuchaytirish vositasi sifatida ham qo‘llay boshladi. O‘zbekistonning bugungi siyosati ham aynan shu yondashuvga asoslangan.
Yurtimiz bir vaqtning o‘zida sharqda Xitoy bilan bog‘lovchi yangi temir yo‘l, janubda Afg‘oniston orqali Hind okeaniga chiqish, g‘arbda Kaspiy dengizi orqali Kavkaz va Yevropa bozorlari yo‘nalishlarida yangi transport tizimlarini rivojlantirishga harakat qilmoqda. Buning natijasida O‘zbekiston muayyan bir davlat yoki yagona transport koridoriga qaram bo‘lib qolmasdan, tashqi savdo uchun bir nechta muqobil marshrutlarga ega bo‘lishga intilmoqda.
Dilshod Hakimov, O‘zA