Transformator ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi
Angren shahrida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda Xitoyning “Holley Technology” Ltd MCHJ qo‘shma korxonasi o‘rtasida transformator ishlab chiqarish korxonasi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali ochilish marosimida Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov, “Holley Group” korporatsiyasi prezidenti Vang Siyan, Angren shahar hokimi Alisher Rayimov, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Asrorjon Asqarov hamda mas’ul rahbar-xodimlar, hudud faollari ishtirok etdi.

Dastlab tadbir doirasida Turkiy xalqlar davlatlari o‘rtasidagi taqsimlovchi elektr tarmoqlarida xizmat ko‘rsatuvchi elektromontyorlarning kasb mahorati musobaqasi g‘oliblari taqdirlandi. Ularga esdalik sovg‘alari va maxsus mukofotlar topshirildi.
Tadbirda mazkur tashabbus bilan bir vaqtda Jizzax viloyati, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida ham uchta yirik loyihaga start berildi. Shu bilan birga, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filialida o‘quv-mashg‘ulotlari va xalqaro musobaqalarni o‘tkazishga mo‘ljallangan poligoni qurilishi ham boshlandi.

Ma’lumki, Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan xarajatlarni qisqartirish va mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, Angren shahrida ishga tushirilayotgan kuch transformatorlarni ishlab chiqarish loyihasi bunga yorqin misoldir.

– Bundan ikki yil ilgari Angren shahri hududida mazkur korxonaning tamal toshi qo‘yilgan, – deydi Angren elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i Furqat Mirzaliyev. – O‘tgan davrda amalga oshirilgan sa’y-harakatlar tufayli bu yerda zamonaviy ishlab chiqarish binolari qurib bitkazildi. Bu yerda 6-10 kV tarqatish tarmoqlari uchun 25-3150 kVA quvvatli transformatorlar hamda 35 kV tarqatish tarmoqlari uchun 100-2500 kVA quvvat transformatorlar ishlab chiqariladi. Hozir 50 nafar ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, kelgusida 200 nafar xodim bandligi ta’minlanadi.

Shuningdek, tadbirda Yuqori Chirchiq tumanida ishga tushirilayotgan kuch transformatorlar uchun himoya qutisi va boshqa turdagi elektr qurilmalarni ishlab chiqarish loyihasiga ham start berildi. Aytish lozimki, bunday loyihalarning ishga tushirilishi past kuchlanishli taqsimlash tarmoqlarini qurish va yangilashda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan xarajatlarni qisqartirish va mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha muhim jarayon hisoblanadi.

– Oxirgi fillar Angren shahrida yirik sanoat loyihalari ko‘paydi. Ayniqsa, xitoylik investorlar bilan hamkorlikda yuzga yaqin korxonalar tashkil etilgan. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi va sifati ham yaxshilanib, ichki va tashqi bozorda xaridorgir. Ayniqsa, Angren erkin iqtisodiy zonasining samarali faoliyat yuritayotgani tadbirkorlik sub’ektlari uchun juda qulay bo‘ldi. Ishonamanki, zamonaviy elektr transformatorlar ishlab chiqarish korxonasi ham mamlakatimiz iqtisodiyotiga samarali xizmat qo‘shadi, – deydi Angren shahar hokimi Alisher Rayimov.
Tadbirda ishtirokchilar korxona faoliyati bilan tanishdi. Ishlab chiqarish jarayonlari mavjud texnikalarning ishlash tartibi ko‘rsatildi.
A.Musayev,O‘zA.