Trampning prezident lavozimida imzolagan ilk farmonlari
AQSH prezidenti Donald Tramp inauguratsiya marosimida so‘zlagan nutqida tashqi siyosatdagi asosiy ustuvorlik Amerikani himoya qilish ekaniga urg‘u berdi.
Binobarin, yangi prezident imzolagan ilk farmonlarda ham mamlakat xavfsizligi va barqarorligini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan.
Davlat yetakchisining birinchi imzolagan farmonlaridan biri amerikalik tadbirkor Ilon Mask boshchiligida AQSH hukumati samaradorlik departamentini yaratish to‘g‘risidagi hujjat bo‘ldi.
***
Oq uy rahbari “Meksika ko‘rfazi”ning nomini “Amerika ko‘rfazi”ga o‘zgartirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, mamlakat ichki ishlar vaziri 30 kun ichida Meksika ko‘rfazining nomini Amerika ko‘rfaziga o‘zgartirish uchun barcha “zaruriy harakatlar”ni amalga oshirishi kerak.
***
Yangi prezident Amerikada tug‘ilgan migrantlarning farzandlariga tug‘ma fuqarolik berishni cheklovchi farmonni imzoladi.
***
Qo‘shma Shtatlar yetakchisi Tramp sobiq davlat rahbari Jo Bayden mamuriyatining avvalgi amaldorlarini noqonuniy ravishda malumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlikka tortish haqidagi farmonni imzoladi.
***
AQSH prezidenti Donald Tramp Vashingtonni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tarkibidan chiqarish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
***
Yangi saylangan prezident seshanba kuni Oq uydagi jonli efir payti 1 fevraldan boshlab Meksika va Kanadaga 25 foizlik bojlar joriy etishini aytdi.
– Biz Meksika va Kanada uchun 25 foizlik boj haqida o‘ylayapmiz, - dedi u jurnalistlarga.
***
AQSH prezidenti noqonuniy muhojirlar oqimini to‘xtatish maqsadida mamlakat janubiy chegarasida favqulodda holat e’lon qildi, deb xabar tarqatdi Oq uy telekanali.
***
Shuningdek, Tramp narkotik kartellariga terrorchi tashkilot maqomini berish haqidagi farmonni imzoladi.
– Odamlar buni yillar davomida kutishgan. Shunday qilib, endi narkokartellar terrorchi tashkilotlar sifatida belgilandi, - dedi u hujjatni imzolar ekan.
***
Telekanalda aytilishicha, Tramp 2021 yil yanvar oyida Kapitoliyga bostirib kirishda ayblangan 1500 ga yaqin odamni afv etish haqidagi farmonni imzolagan.
***
Prezident Donald Tramp so‘z erkinligini tiklash va hukumat senzurasining oldini olish bo‘yicha farmoyishni imzoladi.
***
Qiziq jihati, Tramp Jo Bayden davrida qabul qilingan 78 ta qarorni bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda yangi davlat rahbarining inauguratsiyadan keyin Vashingtondagi mitingida ma’lum qilindi.
***
Yangi ma’muriyat AQSHni iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqardi. Bundan tashqari, Tramp prezidentlik chog‘ida yana bir qancha masalalarga ustuvorlik berishini ham eslatib o‘tdi. Birinchi navbatda u dunyodagi eng kuchli armiyani qurishga va’da berib,
“Biz dunyo hali ko‘rmagan eng qudratli armiyani quramiz”, dedi.
O‘zining inauguratsiya marosimidagi nutqida Tramp ulkan kosmik dasturni amalga oshirish, jumladan, amerikalik astronavtlarni Marsga jo‘natish niyatida ekanligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, AQSHning 47-prezidenti sifatida u noqonuniy muhojirlarning Amerika hududiga kirishini zudlik bilan to‘xtatishga va millionlab muhojirlarni ekstraditsiya qilish jarayonini boshlashga va’da bergan.
Qolaversa, Panama kanali ustidan nazoratni qayta tiklash niyatida ekanini ma’lum qilgan.
– Ayni paytda Xitoy Panama kanalini nazorat qilmoqda. Biz uni Xitoyga emas, Panamaga bergandik, endi esa uni qaytarib olamiz, -degan u.
S.Rahimov tayyorladi, O‘zA