Tramp va Si Szinpin muzokarasida asosiy mavzu Tayvan bo‘lishi kutilmoqda
“Ushbu uchrashuv Tayvanning 23 million aholisi uchun orol vakili taklif qilinmagan muhim tadbir sifatida yodda qolishi mumkin”, deb yozdi “Reuters” agentligi.
Pekin Tayvan masalasini Vashington bilan bo‘lajak muzokaraning markaziy mavzusiga aylantirmoqchi.
Xitoy bilan kengroq kelishuv, jumladan savdo va iqtisodiy bosim doirasida Qo‘shma Shtatlarning ehtimoliy yon berishi Taypeyda xavotir uyg‘otmoqda. Manbalarga ko‘ra, Pekin fikricha, Vashington harbiy mojarodan manfaatdor emas va eskalatsiyadan qochish uchun Tayvanga nisbatan ehtiyotkor pozitsiyani egallashi mumkin.
Qo‘shma Shtatlar “yagona Xitoy” siyosatini olib bormoqda. Ya’ni, Tayvan suvereniteti borasida rasman hech qanday qarashga ega emas. Shunchaki, orolni o‘z hududi deb biladigan Xitoy yondashuvini tan oladi, lekin qabul qilmaydi. Amerika orol mustaqilligini “qo‘llab-quvvatlamasligi”, faqat o‘zini himoya qilishda Tayvanga yordam berishini ta’kidlab keladi.
S.Rahimov, O‘zA