Tramp Rim papasini tanqid qildi (+video)
AQSH prezidenti Donald Tramp Rim papasini tinchlikka chaqiriqlaridan so‘ng keskin tanqid qildi, deb xabar berdi DW nashri.
AQSH yetakchisining bu bayonoti Papaning butun dunyoda tinchlikka chaqirgan chiqishlaridan keyin yangradi.
Rim papasi Lev XIV 11-aprel kuni o‘tkazilgan diniy marosimda dunyo yetakchilarini urushdan voz kechib, muzokaralar yo‘lini tanlashga chaqirgan edi. U o‘z chaqirig‘ida “qurbonlarga olib keluvchi qarorlar qabul qilinadigan stol atrofida emas, muzokara stoli atrofida o‘tirish kerak”ligini ta’kidladi.
Shuningdek, u avvalgi chiqishlarida ham qurol tutib turgan tomonlarni uni qo‘yishga va mojarolarni muloqot orqali hal qilishga chaqirgan edi.
Bu chaqiriqlarga javoban Tramp ijtimoiy tarmoqda Rim papasini qattiq tanqid qildi va uning ayrim pozitsiyalariga norozilik bildirdi.
Trampning fikricha, Papa ayrim xalqaro masalalarda noto‘g‘ri yondashuvni qo‘llab-quvvatlamoqda. U “Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga befarq qaraydigan, AQSHning Venesuelaga nisbatan siyosatini tanqid qiladigan papaning menga keragi yo‘q”, - degan. Shu bilan birga, u o‘zini tanqid qilishga Rim papasining haqqi yo‘qligini ta’kidlab, “men xalq tomonidan saylanganman va o‘z vazifamni bajaryapman”, - deb o‘z fikrini ma’qullagan.
Tramp yana bir bahsli fikrni ham ilgari surdi. Uning aytishicha, Rim papasi Lev XIV amerikalik bo‘lgani uchungina bu diniy lavozimga saylangan. “Agar men Oq uyda bo‘lmaganimda, u ham Vatikanda bo‘lmasdi”- deb, u o‘zining siyosiy ta’sirini yuqori baholagan.
Shu bilan birga, Tramp Rim papasini “siyosat bilan emas, o‘z diniy vazifalari bilan shug‘ullanishga” chaqirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu ziddiyat avvalroq boshlangan. Rim papasi Lev XIV o‘z chiqishlaridan birida “kuchga asoslangan diplomatiya”dan xavotir bildirgan va bu bayonot AQSH ma’muriyati tomonidan tanqidiy qabul qilingan.
Lev XIV tarixdagi Rim papasi bo‘lgan birinchi amerikalik hisoblanadi. Uning tinchlik, muloqot va urushga qarshi pozitsiyasi xalqaro maydonda katta e’tiborga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, bu qarashlar ayrim siyosiy yetakchilar, jumladan Donald Tramp bilan ochiq ziddiyatga ham olib kelmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/_7SsUG6EaFM" title="Tramp Rim papasini tanqid qildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA