Tramp dunyoviy mojorolarni to‘xtata oladimi?
Yakunlanib borayotgan hafta butun dunyo e’tiborida bo‘lgan muhim siyosiy jarayon – AQSH prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur voqeaning jahon siyosatiga ta’siri hususida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Ravshan G‘oziyev O‘zAga intervyu berdi.

– Xabaringiz bor, Amerika Qo‘shma Shtatlarida 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov natijasida Donald Tramp prezidentlikka qaytishi dunyo hamjamiyati tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Bu jarayonni ichki va tashqi omillarga bo‘lgan holda tahlil qilish o‘rinli.
Ichki omil. Amerikada Tramp shaxsi juda nozik xususiyatga ega. Mamlakat tarixida 1860-yillardagi fuqarolik urushidan keyin birinchi marta Trampning 45-prezident bo‘lishi, keyin Bayden va yaqinda Xarris bilan saylov kampaniyasi kurashi mamlakat tarixida 1860-yillardagi fuqarolik urushidan keyingi davrda ilk bor jamiyat keskin qutblanishiga olib keldi. Sababi, noodatiy xulq-atvorga ega Trampning insonlar his-tuyg‘usini junbishga keltiradigan darajadagi populistik firklashi amerikaliklar orasida siyosiy bo‘linishni yuzaga chiqardi.
Masalan, muhojirlarni kamsituvchi so‘zlari uni mafkuraviy jihatdan neonatsizm tarafdori sifatida namoyon qiladi. Ma’lumki, neonatsizm tushunchasi o‘z milliy-madaniy qarashi va o‘ziga xosligini har qanday madaniy qadriyatlardan ustun qo‘yish, “qoloq” yoki “madaniylashmagan”, “rivojlanmagan” deya ta’riflash orqali boshqalarni ayirish, kamsitishni anglatadi. Shu nuqtai nazardan ayni payt Amerikada boshqa millat vakillariga nisbatan segregatsiya kuchayib ketish xavfi mavjud. Bu holatni ushbu okean orti davlatida mafkuraviy qarama-qarshilik ortib borayotganida ham ko‘rish mumkin.
G‘oyaviy ziddiyat, ayniqsa, liberalizm va konservatizm o‘rtasida ortib boryapti. To‘g‘ri, Amerika tarixida bunday siyosiy kurash doim bo‘lgan, biroq ayni holat oxirgi yillarda ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda kesinlashmoqda. Masalan, bolaning ota-ona ruxsatisiz garmon olish huquqi, hayvonlarni, tabiatni asrash, soliq stavkasi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kabi ko‘plab masalalarda turli qarashga ega.
Trampning iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqish, migratsiyaga qarshi qat’iy chora ko‘rish va ommaviy deportatsiya qilish va’dasi demokratlarning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Faqat iqtisodiy jihatdan Xarrisga nisbatan yaxshi taklif va va’dalar bergani uchun hamma uning hozirgi inflyatsiya bilan samarali kurash olib borishiga ishonmoqda. Zero, Trampning oldingi prezidentligi davrida AQSH iqtisodiy jihatdan hozirgidan ko‘ra yaxshi bo‘lgani aytilmoqda.
Xalqaro siyosatchilar fikricha, 47-prezidentlik saylovida g‘olib chiqqan Donald Tramp ilgari surayotgan tashabbuslar dunyo siyosatida ham o‘zgarish yasashi mumkin.
Xususan, Trampning tashqi siyosat tarixida qo‘llangan “Monro doktrinasi” kabi ixotalangan (izolyatsiya) siyosat tarafdori ekanligi Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan transevroatlantika siyosat zaiflashuviga olib kelishi ta’kidlanmoqda. Bu NATO va Yevroatlantika xavfsizlik tizimiga putur yetkazishi mumkinligi haqidagi farazni ham o‘rtaga chiqarmoqda. Bundan tashqari uning boj stavkasini oshirish va’dasi yevropalik va xitoylik ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlarni ham xavotirga solmoqda. Masalan, Germaniya va Xitoy sanoat korxonalari endi qanday chora ko‘rish masalasini muhokama qila boshladi, chunki Tramp muayyan vaziftlarda oldindan aytib bo‘lmaydigan munosabat bildirish, kutilmagan qaror qabul qilish va hatti-harakat namoyish etish xususiyatiga ega. Shu bois, bu holat Amerikaning an’anaviy ittifoqchilari o‘rtasida tushunmovchilik paydo qilishi mumkin, degan taxmin ham mavjud.

Yana bir tashqi omil dunyoviy mojarolar bilan bog‘liq. Ko‘pchilik tahlilchilar Tramp Ukraina mojarosiga befarq qarashi, Yaqin Sharq mojarosiga esa jiddiy e’tibor berishini bashorat qilmoqda. Bu Ukraina masalasida Rossiya bilan kelishish, Falastin masalasida esa murosasiz bo‘lish va natijada Eron bilan ziddiyatni yanada kuchaytirish siyosatini yuzaga chiqarishi mumkin.
Boshqa tomondan saylov oldi kampaniyasida dunyodagi mojarolarni hal qilish va to‘xtatishna va’da bergani ham ma’lum.
Xulosa shuki, Donald Trampning ichki va tashqi siyosati ko‘plab mulohaza va bahslarni urchitdi. Bu geosiyosiy o‘zgarishlarni keskinlashtirishi yoki yumshatishi mumkin. Shuni ham unutmaslik kerak, Amerikada saylov ochiq va demokratik o‘tsa-da, tashqi siyosiy qarorlar qabul qilish birgina prezidentga bog‘liq emas. Ya’ni, AQSHda ichki va tashqi siyosatga ta’sir ko‘rsatadigan ko‘plab manfaat guruhlar va tarafkashlik harakatlari mavjud.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova yozib oldi.