Tramp amerikaliklarga 5 ming dollardan berishni va’da qildi (+video)
AQSH prezidenti Donald Tramp noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarda Respublikachilar partiyasi Vakillar palatasi va Senat ustidan nazoratni saqlab qolsa, har bir katta yoshli AQSH fuqarosiga 5 ming dollardan to‘lashga va’da berdi. Tramp bu haqda Dallas shahrida bo‘lib o‘tgan Respublikachilar partiyasi s’ezdida so‘zlagan nutqida aytdi.
U bu to‘lovlarni muvaffaqiyatli kompaniyalarning investorlarga dividend to‘lashiga o‘xshatdi.
«Yagona shart shuki, berilgan pullar AQSH ichida sarflanishi kerak. Pulni Kanadaga borib sarflashingizni istamaymiz. Xitoy yoki Germaniyaga borib ham sarflamang. Pulni AQSHda ishlatishingiz kerak», — dedi Tramp.
BBC muxbirining ta’kidlashicha, Tramp saylovchilar ovozini jalb qilish kampaniyasi doirasida amerikaliklarga bunday to‘lovlarni va’da qilgan birinchi prezident bo‘lishi mumkin.
Biroq bu pulni kim to‘lashi, hukumat ularning qayerga sarflanganini qanday nazorat qilishi va umuman, bunday to‘lovlarni amalga oshirish qonuniymi-yo‘qmi, hozircha noma’lum. Tramp mitinglarda e’tiborni jalb qilish uchun ko‘pincha juda g‘ayrioddiy g‘oyalarni ilgari suradi, deydi BBC muxbiri.
2025-yilda AQSHda katta yoshli aholi soni taxminan 267 million nafarni tashkil etgan. Demak, ularning har biriga 5 ming dollardan to‘lash uchun taxminan 1 trilliondan ortiq dollar kerak bo‘ladi.
Ayni paytda aksariyat jamoatchilik so‘rovlarida Demokratik partiya oldinda bormoqda. Demokratlarning Vakillar palatasi, hatto Senat ustidan ham nazoratni qo‘lga kiritish imkoniyati bor.
Tramp Texasdagi nutqida agarda respublikachilar noyabrda mag‘lub bo‘lsa, amerikaliklar chegaralarini, soliqlarni kamaytirish imkoniyatini va xavfsizlikni yo‘qotishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, AQSH avval butun dunyoga kulgi bo‘lgan, hozir esa hech kim uni ustidan kulmayapti.
Texasga yo‘l olishidan oldin Tramp Eronga qarshi urush ham AQSHdagi noyabr saylovlaridan keyin tugashini bildirdi.
«Menimcha, urush saylovlardan keyin darhol tugaydi, chunki ular endi chidab tura olmaydi», — dedi AQSH prezidenti.
Eron va AQSH vaqti-vaqti bilan bir-biriga qarshi hujumlarni qayta boshlamoqda. Ular o‘rtasidagi 60 kunlik sulh muddati tugagan va hozircha diplomatik kelishuvga erishish belgilari deyarli ko‘rinmayapti. Trampning qo‘shimcha qilishicha, Eron «saylovlarga har qanday yo‘l bilan ta’sir o‘tkazishga» harakat qilmoqda. Trampning fikricha, Tehron AQSHda o‘ziga ma’qul va zaifroq rahbariyat saylanishini istaydi. Bunday rahbariyat Eronni «tinch qo‘yib, yadroviy qurolga ega bo‘lishiga imkon berishi» mumkin.
Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, O‘zA