Toshloqda qovun eksporti boshlandi
FOTOREPORTAJ
Bu yil ham toshloqliklar ertapishar qovun navlarini ekib, ilk hosilni ola boshladilar.
“Besarang” MFY aholisi azaldan qovunchilik bilan shug‘ullanadi. Dehqonchilik mahalla “drayver”i sifatida belgilangan bo‘lib, mirishkor tomorqachilar yiliga uch-to‘rt marotabagacha hosil olishadi. Shuningdek, besarangliklar turli sabzavot va rezavor ko‘chatlarini yetishtirib sotishning ham hadisini olgan.
Shu mahallada yashovchi Abduhamid Bakirov xonadonida ilk qovun uzildi. Xonadon sohibi o‘n sotix yerga fevral oyi boshlarida 1 ming 200 dona “Dakora – F1” navli qovun urug‘ini ekkan edi. Mana, may oyining birinchi o‘n kunligida tilni yorar qovunlar pishib yetildi.
[gallery-11859]
- O‘tgan yili besh million so‘m sarf etib, 35 million so‘m daromad olgan edik, bu yil, nasib qilsa, 80 million so‘m foyda qilishni mo‘ljallab turibmiz, - deydi Abduhamid aka. - Bundan tashqari qovun yig‘ishtirib olinganidan so‘ng karam ekamiz, u ham qo‘shimcha daromad deganidir.
Mahalla raisi Dilmurod Qosimovning aytishicha, ayni paytda mingdan ortiq oilaning aksariyati o‘z tomorqasida qovun yetishtiradi. Hozirda ushbu qishloqda jami 35 gektar maydonda qovun ekilgan. Besarangliklar yetishtirgan qovunlar nafaqat Farg‘ona vodiysida, balki qo‘shni respublikalarda ham mashhur. Shu bois ekologik toza mahsulot MDH davlatlariga eksport qilib kelinmoqda.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA