Toshkentdan uy sotib olish: investitsiya imkoniyatimi yoki moliyaviy xavf?
So‘nggi yillarda Toshkent ko‘chmas mulk bozori mamlakat iqtisodiyotining eng faol va eng ko‘p muhokama qilinayotgan segmentlaridan biriga aylandi. Uy-joy narxlarining tez o‘zgarishi, ipoteka dasturlarining kengayishi hamda aholi daromadlarining o‘sishi bu sohadagi qiziqishni yanada kuchaytirmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, uy-joy bozorida bir vaqtning o‘zida ikki tendensiya kuzatilmoqda: bir tomondan daromadlar va iqtisodiy faollik o‘smoqda, ikkinchi tomondan esa narxlar yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bu esa aholi uchun uy sotib olish masalasini nafaqat ijtimoiy, balki muhim moliyaviy qarorga aylantirmoqda.
Shu nuqtai nazardan, hozirgi sharoitda Toshkentdan uy sotib olish haqiqatan ham barqaror investitsiya imkoniyatimi yoki moliyaviy tavakkal — bu savol ko‘pchilikni qiziqtirmoqda. Markaziy bank manbalari asosida ushbu masalani atroflicha tahlil qilamiz.
Toshkent ko‘chmas mulk bozori so‘nggi yillarda murakkab, ammo barqarorlashuvga yo‘nalgan tendensiyani namoyon etmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, daromadlar o‘sishi, ipoteka dasturlari va bozordagi talab uy-joy segmentini iqtisodiyotning eng faol yo‘nalishlaridan biriga aylantirmoqda.
Markaziy bank hisobotlariga ko‘ra, 2025-yilda aholining o‘rtacha oylik ish haqi 19 foizga, aholi jon boshiga daromadlar esa 16,6 foizga oshgan. Bu holat aholi xarid qobiliyatini mustahkamlagan.
Toshkent shahrida uy-joy bozori ko‘rsatkichlari ham sezilarli o‘zgargan.
Toshkent ko‘chmas mulk bozorida o‘rtacha yillik daromadlilik 14,6 foizni tashkil etmoqda. Shu davrda inflyatsiya taxminan 7 foiz darajasida bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich real daromad mavjudligini anglatsa-da, bozor segmentlarida farq katta. Markaziy hududlarda daromad yuqoriroq, Yunusobod va Chilonzorda 2 xonali uylar bo‘yicha daromad 20–25 foizgacha yetishi mumkin. Ba’zi holatlarda esa keskin pasayishlar ham kuzatiladi.
Iqtisodchilar Toshkentda uy-joyga bo‘lgan talabning oshishini quyidagi omillar bilan bog‘laydi. Aholi sonining barqaror o‘sishi, ichki migratsiya, yangi ish o‘rinlari yaratilishi, infratuzilmaning rivojlanishi poytaxtimizda uy-joyga bo‘lgan talabni oshiradi. Cheklangan yer maydoni va markaziy hududlardagi yuqori jozibadorlik narxlarning uzoq muddatli o‘sishini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ma’lumki, Markaziy bank inflyatsiyani o‘rta muddatda 5 foizgacha pasaytirishni maqsad qilgan. Bu kredit bozoriga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biroq iqtisodchilar ta’kidlashicha, yuqori foizli tijorat ipoteka kreditlari (24–25 foiz) ko‘p hollarda moliyaviy yukni oshiradi.
Toshkent ko‘chmas mulk bozori barqarorlashuv bosqichida ekanini ko‘rsatmoqda. Daromadlar o‘sishi va ipoteka imkoniyatlari bu sohani investitsiya uchun jozibador qilmoqda. Biroq, bozordagi yuqori tebranishlar, lokatsiya farqlari va kredit yuklamasi uy sotib olishni har doim ham “kafolatli daromad”ga aylantirmaydi. Shu bois, mutaxassislar uy-joy xaridida ehtiyotkorlik, aniq moliyaviy hisob-kitob va investitsiyalarni diversifikatsiya qilish tamoyiliga amal qilishni tavsiya etadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA