Toshkentdan Dohaga, Sharjadan Filadelfiyaga: O‘zbekistonlik yosh mutaxassisning global yo‘li
Durbek Sobirov – Hamad xalqaro aeroportida FIFA Jahon chempionatini o‘tkazgan, Sharja aeroportida professional mahoratini shakllantirgan o‘zbekistonlik mutaxassis haqida...
Dunyoning eng gavjum aeroportlaridan birida, millionlab yo‘lovchi qadami kesishgan joyda bir o‘zbekistonlik o‘z kasbiy mahoratini sinab ko‘rdi va dunyoning eng yirik sport tadbirlaridan birini muvaffaqiyatli o‘tkazishda ishtirok etdi. Durbek Sobirovning aviatsiya sohasidagi yetti yillik yo‘li uni Birlashgan Arab Amirliklaridan Qatarga, so‘ngra Amerika Qo‘shma Shtatlariga yetakladi va bu yo‘lning har bir bosqichi unga noyob tajriba, kasbiy ko‘nikma berdi.

Sharjadan boshlangan yo‘l: “Air Arabia” kompaniyasidagi dastlabki tajriba
Durbek Sobirov xalqaro aviatsiya sohasiga 2017-yil BAA Sharja shahrida, mintaqaning yetakchi arzon parvoz kompaniyasi “Air Arabia” orqali kirib keldi. Sara mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassis lavozimida ishlagan davrida u yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni, kutish logistikasi hamda yer bilan aloqani boshqarishga doir amaliy tajriba to‘pladi.
Aynan Sharja aeroportida yosh o‘zbek yigiti aviatsiya xavfsizligi va xizmat ko‘rsatish protokoliga rioya etishning ahamiyatini chuqur anglab yetdi. Shuningdek, Fors ko‘rfazi mintaqasidagi aviakompaniyalar yuk hujjatini yuritish, bojxona muvofiqlashtiruvi hamda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo savdo yo‘nalishlari bo‘ylab chegaralar aro logistikani boshqarish bo‘yicha ixtisoslashgan bilim, ko‘nikma egalladi. Aynan shu davr – 2017-2019-yillar uning kelajakdagi yutuqlari uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qildi.
Dunyoning eng yaxshi – Hamad xalqaro aeroportida
2020-yil Sobirov faoliyatida muhim burilish yuz berdi: u Qatar poytaxti Doha shahridagi Hamad xalqaro aeroportiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha nazoratchi lavozimiga taklif qilindi. Bu aeroport “Skytrax” reytingida 2021-2024-yillar oralig‘ida ketma-ket to‘rt marta “Dunyodagi eng yaxshi aeroport” mavqeini o‘zida saqlab turgan.
To‘rt yil davomida – 2020-2024-yillari Durbek MATAR (Qatar Airport Company) tarkibida 24 soatlik xizmat ko‘rsatish amaliyoti jarayonini boshqardi. Yiliga 40 milliondan ziyod yo‘lovchi qabul qiladigan yirik havo yo‘li tugunida ko‘p millatli jamoani nazorat qildi. Aeroport operatsiyalarini boshqarish markazi (AOSS) faoliyatini muvofiqlashtirib, xalqaro aviatsiya standarti ish tartibi (SOP)ga qat’iy rioya etilishini ta’minladi.
FIFA Jahon chempionati-2022: tarixiy sinov
Durbek Sobirov faoliyatining eng yorqin va muhim sahifalaridan biri 2022-yilgi FIFA Jahon chempionati davomida yozildi. Arab dunyosida ilk bor Qatarda o‘tgan ushbu ulkan sport anjumani davomida Hamad xalqaro aeroporti orqali 1 million 400 mingdan ko‘p mehmon o‘tdi. Bu mamlakat havo harakati tarixidagi eng yuqori yo‘lovchi oqimi sifatida aeroport infratuzilmasi va xodimlari uchun haqiqiy sinov bo‘ldi.
Qahramonimiz ushbu tarixiy tadbir davomida amaliyot logistikasini boshqarish jarayoni oldingi safida turib, yo‘lovchi va yuk oqimini tashkil etish va muvofiqlashtirish tashabbusini boshqarishga munosib hissa qo‘shdi. Yo‘lovchi oqimi keskin kuchaygan davrga tayyorgarlik ko‘rish uchun maxsus o‘quv dasturlarini ishlab chiqdi va amalga oshirdi, real vaqt rejimida samaradorlikni o‘lchash tizimini joriy etdi.
Muhimi, o‘ziga xos kuchli bosim ostida ham uning boshqaruvidagi amaliyot biror uzilish qayd etilmadi. Zero, millionlab yo‘lovchi oqimi sharoitida “nol nosozlik” ko‘rsatkichiga erishishdek muvaffaqiyat yuqori darajadagi mahorat talab qiladigan jarayondir.
– FIFA Jahon chempionati davrida ishlash hayotimdagi eng jiddiy professional sinovlardan biridir, – deb eslaydi Durbek. – Har kuni minglab yangi qiyofa, turli til, madaniyat bilan munosabatga kirishish – hammasi bir maqsadga, xush muomala bilan xavfsiz va batartib xizmat qilishga qaratilgan edi. Mazkur jarayon menga shuni anglatdiki, munosib tayyorgarlik va kuchli jamoa bilan har qanday vazifani uddalash mumkin.
Ko‘p tillilik – global aviatsiyaning kaliti
Shuningdek, Hamad xalqaro aeroportidagi faoliyati davomida Durbek Sobirov xodimlarni o‘qitish dasturlarini boshqardi, qabul qilingan ish tartibiga rioya etish ko‘rsatkichini ishlab chiqdi, aviakompaniya hamkorlari, yerda xizmat ko‘rsatuvchilar va xavfsizlik idoralari faoliyatini muvofiqlashtirdi. Ingliz, rus va yana bir necha tilda erkin muloqot qila olishi unga turli millat vakillaridan iborat xodimlar jamoasi va dunyoning har burchagidan kelgan yo‘lovchilar bilan samarali ishlash imkonini berdi.
Amerikaga yo‘l: yangi bosqich
Bugungi kunda Durbek Sobirov AQSHning Pensilvaniya shtatidagi Filadelfiya shahrida istiqomat qilmoqda. To‘rt mamlakat – O‘zbekiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Amerika Qo‘shma Shtatlari bo‘ylab to‘qqiz yil mobaynida tajriba orttirgan vatandoshimiz o‘z bilimini global bozorga olib kirib, yurtimiz yoshlari iqtidorini jahon miqyosida munosib tarzda namoyon etayotgan o‘zbek mutaxassislarining yorqin vakili, desak mubolag‘a emas.
Sobirov haqidagi mitti hikoya dunyo maydonida martabaga erishishni orzu qiladigan minglab yoshlarimiz uchun ibrat bo‘lar, ehtimol. Zero, uning yo‘li izchillik, tinimsiz mehnat va doimiy ravishda o‘sishga intilish namunasidir.
– Sharjadan Dohagacha, Dohadan Filadelfiyagacha – har bir bosqich menga o‘zgacha saboq berdi, – deya davom ettiradi so‘zini Durbek Sobirov. – O‘zbekiston qalbimga mehnatsevarlik va sadoqat qadriyatini ekkan. Mening kamtarona faoliyatim mamlakatimiz o‘g‘il-qizlarini ulkan orzular, chegarasiz mukammallik sari intilish yo‘lida ilhomlantirishiga ishongim keladi.
Darhaqiqat, Durbek Sobirov shaxsi bugungi kunda o‘z qobiliyatini namoyon etishlari uchun barcha sharoit muhayyo etilgan Yangi O‘zbekiston yoshlari har qanday yuqori cho‘qqilarni zabt eta olishiga yorqin misoldir. Binobarin, hozir kelajak avlod uchun barcha chegaralar ochiq: o‘qish, izlanish, mehnat, kasbiy bilim va dunyoga sog‘lom nazar tashlash bilan har qanday ezgu orzuni ro‘yobga chiqarish mumkin...
G‘ayrat Xonnazarov tayyorladi. O‘zA