Toshkentda tinch atom va mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha xalqaro muloqot bo‘lib o‘tdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Markaziy Osiyoning xavfsiz atom kelajagi: yadroviy qurolni tarqatmaslikdan xavflarni boshqarish sari” mavzusida yadro qurolidan xoli hudud bo‘yicha Toshkent muloqoti o‘tkazildi.
Tadbir JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Montereydagi Middlberi xalqaro tadqiqotlar instituti qoshidagi Jeyms Martin nomidagi Yadroviy qurolni tarqatmaslik muammolarini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining birinchi o‘rinbosari, SMTI direktori Eldor Aripov, Middlberi xalqaro tadqiqotlar instituti Monterey tashabbusi direktori Anna Vasileva va boshqalar so‘zga chiqib, tinch atom, yadroviy xavfsizlik va mintaqaviy barqarorlik masalalari bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish zarurligini ta’kidladi.
Ular qayd etganidek, mazkur muloqot Markaziy Osiyoda yadroviy xavfsizlik sohasida xalqaro muloqotni mustahkamlash, o‘zaro ishonchni oshirish hamda amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun muhim maydon vazifasini bajaradi. Shuningdek, tadbir doirasida o‘zaro kelishuvlar, ekspert almashinuvi va institutsional hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surish imkoniyati yaratiladi.
Global yadroviy va geosiyosiy vaziyat o‘zgarib borayotgan sharoitda Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati ortib bormoqda. Shu munosabat bilan yadro qurolini tarqatmaslik rejimini mustahkamlash, yadroviy va radiologik xatarlarni kompleks boshqarish, tinch atomdan foydalanish sharoitida xavfsizlikni ta’minlash hamda infratuzilmaning bardoshliligini oshirish ustuvor vazifalar sifatida aytib o‘tildi.
Asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha “O‘zatom” agentligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti hamda boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari va xalqaro ekspertlar yadroviy xavfsizlik, radiatsiyaviy barqarorlik va ekologik xavfsizlik sohalaridagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi. Mavzuga doir chiqishlarda ishtirokchilar tinch atomdan foydalanish sharoitida xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish, yadroviy siklning barcha bosqichlarida nazoratni kuchaytirish, avariya va texnologik xatarlarning oldini olish, milliy institutlar salohiyatini oshirish hamda Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktorining o‘rinbosari Faxrulla Kung‘urov ushbu muloqot ishtirokchilar uchun har jihatdan amaliy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
– Mening fikrimcha, mazkur muloqot yadroviy xavfsizlik sohasida amaliy tajriba almashish hamda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun muhim maydon hisoblanadi. Ayniqsa, ishlatilgan yadroviy yoqilg‘ini xavfsiz tashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar alohida ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonlarda yadroviy yoqilg‘i maxsus transport-qadoqlash konteynerlariga joylashtirilib, avtomobil va havo transporti orqali xalqaro talablarga to‘liq mos holda tashiladi. Shuningdek, suyuq yoqilg‘ili tadqiqot reaktoridan yadroviy materialni chiqarish va uni vaqtincha saqlash bilan bog‘liq barcha bosqichlar qat’iy texnik va radiatsiyaviy xavfsizlik standartlariga muvofiq amalga oshiriladi. Ushbu tajriba mintaqada yadroviy xavfsizlik tizimlarini yanada takomillashtirish va zamonaviy talablar asosida rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi, – dedi F.Kung‘urov.
Shuningdek, xalqaro ekspertlar global xavfsizlik arxitekturasidagi o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyoning strategik o‘rni ortib borayotgani, yadro qurolini tarqatmaslikdan yadroviy va radiologik xatarlarni kompleks boshqarishga o‘tish zarurati haqida fikr bildirdi.
Tadbirda onlayn ishtirok etgan CBRN yo‘nalishida xalqaro ekspert Margarita Kalinina-Pol xonimning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Markaziy Osiyo chuqur geoiqtisodiy o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda.
– Xalqaro transport yo‘laklarining rivojlanishi mintaqa uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda, biroq shu bilan birga radioaktiv materiallar va ionlashtiruvchi nurlanish manbalarining transchegaraviy harakati bilan bog‘liq xatarlar ham ortib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, bu muloqot nafaqat fikr almashish, balki amaliy hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro muvofiqlashgan yondashuvlarni ishlab chiqish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim platforma hisoblanadi. Ayniqsa, ikkilamchi metall xomashyosini tashish masalasi alohida e’tibor talab qiladi, chunki amaliyotda aynan shu turdagi yuklarda davlat nazoratidan chiqqan radioaktiv manbalar uchrashi mumkin. Bu esa nafaqat milliy, balki mintaqaviy xavfsizlik nuqtai nazaridan ham jiddiy xatar hisoblanadi, – dedi u.
Toshkent muloqoti Markaziy Osiyoda tinch atom va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qilish hamda barqaror va mas’uliyatli atom kelajagini shakllantirishda xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA