Toshkentda «Global Laser Run City Tour – 2026» musobaqasi o‘tkazildi
Poytaxtimizdagi «Ekopark»da O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi tomonidan «Global Laser Run City Tour – 2026» xalqaro loyihasining ikkinchi bosqichi tashkil etildi.
Musobaqada turli yosh toifalari va sport tayyorgarligi darajasiga ega 350 nafardan ortiq havaskor sportchi ishtirok etdi.
Bellashuvlar zamonaviy beshkurashning yugurish va lazerli to‘pponchadan o‘q otish elementlarini o‘zida mujassam etgan «Laser Run» yo‘nalishida o‘tkazildi. Ishtirokchilar bahslar davomida o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, merganligi va chidamliligini namoyish etdi.
Mazkur sport tadbiridan ko‘zlangan asosiy maqsad zamonaviy beshkurashni ommalashtirish, bolalar va yoshlarni sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda «Laser Run» yo‘nalishini rivojlantirishdan iborat.
[gallery-31995]
Bunday musobaqalar aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sportga qiziqishni kuchaytirish, jismoniy faollikni oshirish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA