Toshkentda Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy xalqaro shaxmat turniri o‘tkaziladi
Joriy yilning 15-23 avgust kunlari Toshkent shahrida o‘zbekistonlik birinchi xalqaro grossmeyster Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy xalqaro shaxmat turniri bo‘lib o‘tadi.
Georgiy A’zamov 1984 yilda xalqaro grossmeysterlik talabini bajargan nafaqat O‘zbekiston, balki O‘rta Osiyoning birinchi grossmeysteridir.

Yoshligidan Georgiy turli xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Sportchimiz shaxmat olamining yetuk namoyandalari bo‘lmish Tigran Petrosyan, Boris Spasskiy, Lev Polugayevskiy, Mark Taymanov, Viktor Kupreichik, Mixail Tal va boshqalar bilan munosib kurash olib borgan. Unga xalqaro grossmeyster unvoni 1984 yilda Saloniki shahrida o‘tkazilgan FIDE Kongressida topshirilgan.
1986 yil 27 avgust… Georgiy A’zamovning hayoti fojiali tarzda yakun topdi: sobir ittifoq chempionatining yarim finaliga kelgan 31 yoshli grossmeyster Sevastopol atrofida kechki sayrga chiqadi va qoqilib ketishi natijasida daraga qulab tushib, vafot etadi.

Turizm va sport vazirligi matbuot xizmatidan ma’lum qilishicha, 16 avgust kuni soat 14:00 da Toshkentdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida turnirning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbirda yurtimiz faxri, 17-jahon chempioni Rustam Qosimjonov ishtirok etishi kutilmoqda.
Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy xalqaro shaxmat turnirida 12 ta mamlakat, jumladan, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Afg‘oniston, Eron, Falastin, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ukraina, Belarus hamda yurtimizdan 150 nafarga yaqin shaxmatchi va hakamlar ishtirok etadi.
Musobaqada 1800 va undan yuqori reytingga ega shaxmatchilar asosiy «A» guruhida hamda 1800 reytingdan past bo‘lgan ishtirokchilar «B» guruhida g‘oliblik uchun dona suradi. Turnirning umumiy sovrin jamg‘armasi 25 000 AQSH dollarini tashkil etadi.
Musobaqaning bosh hakami vazifasini xalqaro toifadagi hakam Husan Turdialiyev bajaradi. U FIDEning Markaziy Osiyo mintaqasi prezidenti sanaladi.
H.Turdialiyev shaxmat bo‘yicha sakkiz marta jahon chempionati, FIDE jahon chempionati, rapid va blits bo‘yicha jahon chempionatida hakamlik qilgan. FIDE Gran-prisi hakami, shuningdek, 2014 yilda Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan Karlsen – Anand o‘yini bosh hakami hisoblanadi.
Musobaqada ishtirokchilar xalqaro grossmeyster, xalqaro toifadagi sport ustasi va FIDE toifasidagi sport ustasi unvonlari uchun kurashadi.
Shaxmat turniri o‘yinlarining jonli efirlarini ushbu havola orqali ko‘rish mumkin http://uzchess.uz.
Z.JONIBEKOV, O‘zA