Toshkentda bank eksperti 10 ming dollar bilan qo‘lga tushdi
Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda poytaxtda faoliyat yurituvchi nufuzli aksiyadorlik tijorat banklaridan birining katta eksperti xizmat ko‘rsatish sohasiga ixtisoslashgan MCHJ rahbaridan 10 ming AQSH dollarini tamagirlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, ushbu mutaxassis o‘zining tanishlari orqali, Samarqand viloyatida joylashgan banklarning biridan mazkur MCHJga
1 mlrd 250 mln so‘m miqdorida kredit mablag‘i olib berishni va’da qilgan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar eslatadi:
Qonundan ustun hech kim yo‘q — mansab va maqom javobgarlikdan ozod etmaydi.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.