Toshkentda 190 gektar yer maydoni hokimlik ixtiyoriga o‘tkazildi
Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 190 gektar yer uchastkasi Toshkent shahar hokimligi ixtiyoriga beg‘araz tarzda o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu hudud Mirzo Ulug‘bek tumanining Ulug‘bek mahallasida joylashgan bo‘lib, ilgari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tasarrufida bo‘lgan. Akademiya mazkur yer maydonidan ixtiyoriy ravishda voz kechib, uni davlat zaxirasiga topshirgan. Shundan so‘ng Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov yer uchastkasini bo‘sh va hokimlik ixtiyoridagi yer sifatida hisobga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qarorga ko‘ra, mazkur yer maydoni keyinchalik shaharsozlik talablari asosida samarali foydalanish, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini barpo etish, turar-joy qurilishi yoki investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun ajratilishi mumkin. Bu kabi hududlarni davlat zaxirasiga qaytarish shaharni kompleks rivojlantirish va yangi qurilish loyihalarini amalga oshirish imkoniyatini kengaytiradi.
So‘nggi yillarda Mirzo Ulug‘bek tumani poytaxtning jadal rivojlanayotgan hududlaridan biriga aylanmoqda. Bu yerda yangi turar-joy majmualari, ijtimoiy ob’ektlar, ta’lim va ilmiy muassasalar qurilishi rejalashtirilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA