Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Janubiy Koreyaning Kyongido viloyati tibbiyot sohasi mas’ullari uchrashuv o‘tkazdi.
Unda boshqarma boshlig‘i To‘raqul Arziqulov Nurafshon shahrida barpo etilayotgan 800 o‘rinli, 60 dan ortiq yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi yuqori texnologiyali ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi haqida ma’lumot berdi. Mazkur markaz uchun malakali kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratildi. Joriy yil sentabr oyida Kyongido provinsiyasining yetakchi tibbiyot muassasalariga neyroxirurgiya, kardioxirurgiya, travmatologiya, onkologiya, rentgenologiya va dental implantologiya yo‘nalishlari bo‘yicha 15 nafar mutaxassis malaka oshirish uchun yuboriladi.

***
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Maxsus avariya-tiklash boshqarmasida “Suvni birgalikda asraymiz” loyihasi doirasida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

"Yoshlar oyligi" doirasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi hamda nafaqadagi harbiy xizmatchilar hamkorligida tadbirda tajribali nafaqadagi harbiy xizmatchilar, hozirda xizmat olib borayotgan mutaxassislar hamda yoshlar ishtirok etib, o‘zaro fikr va tajriba almashdi.
Xususan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, tabiatni asrash, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda kelajak avlod uchun suv zaxiralarini tejash masalalari yuzasidan atroflicha suhbatlar olib borildi.
***
Havoni ifloslantirayotgan issiqxonalar endi qat’iy nazorat ostida. Toshkent viloyati Ekopolitsiya xodimlari Zangiota tumanida ekologik talablarga javob bermaydigan issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini tanqidiy o‘rgandi.

Maxsus komissiya yig‘ilishida zararli ta’sirni kamaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Xususan, issiqxonalarni ekologik xavfsiz hududlarga ko‘chirish, zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, isitilmaydigan issiqxonalarni tashkil etish hamda tabiiy gaz va ko‘mirdan foydalanishni keskin qisqartirish choralari muhokama qilindi. Shuningdek, issiqxona egalariga Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi "Surxon-Agro" erkin iqtisodiy zonasida yaratilgan imkoniyatlar va ko‘chish shartlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Toza havo, sog‘lom muhit va ekologik xavfsizlik yo‘lida nazorat tadbirlari davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA muxbiri