Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Navoiy” chegara bojxona posti orqali piyoda kirib kelgan fuqaro “Body scanner” orqali tekshirilganda, oyoq qismiga yashirilgan holda 53 ta paketga o‘ralgan, umumiy og‘irligi 190 gramm bo‘lgan zargarlik buyumlari fosh etildi.
Yana bir holatda “Oybek” chegara bojxona postida fuqaro “Body scanner” rentgen qurilmasi orqali tekshirilganda, jinsiy a’zosiga yashirilgan, deklaratsiyada ko‘rsatilmagan 180,8 gramm zargarlik buyumlarini olib o‘tayotgani aniqlandi. Shuningdek, mazkur postda yana bir fuqaroning qo‘l yuklari ko‘zdan kechirilganda, deklaratsiyada ko‘rsatilmagan 57,93 gramm zargarlik buyumlari borligi ma’lum bo‘ldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aniqlangan zargarlik buyumlarining umumiy qiymati 525 million so‘mni tashkil etmoqda. Hozirda barcha holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
***
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Geolog” oromgohida “Adliya spartakiada”si o‘tkazildi.
Mazkur sport tadbiri Prezidentimizning joriy yil 8-aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Tadbir doirasida 10 ta sport turi bo‘yicha 8 ta jamoa va 110 nafar ishtirokchi qatnashdi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini ham o‘tkazildi. Shu bilan birga, Chirchiq shahri, Bo‘stonliq va Yuqori Chirchiq tumanlarida tarbiyasi og‘ir yoshlar o‘rtasida 3 ta sport turi, adliya faxriylari o‘rtasida esa 2 ta sport turi bo‘yicha alohida musobaqalar tashkil etildi.
Tadbirda Adliya vazirligi vakillari, soha faxriylari, viloyat sport boshqarmasi hakamlar hay’ati, shuningdek “Shaxmat”, “Stol tennisi” va “Kamondan o‘q otish” federatsiyalari hamda “Zakovat” nodavlat notijorat tashkiloti klubi vakillari ishtirok etdi. G‘olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


***
Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bois har bir qarich yerdan unumli va o‘z vaqtida foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda Yangiyo‘l tumani hokimi Odiljon Ataullayev va sohaga mas’ul tizim rahbarlari dala maydonlarida bo‘lib, kartoshka ekish ishlarining borishini o‘rgandi. Bobodehqonlar bilan o‘zaro suhbatda yerdan samarali foydalanish, har bir imkoniyatni ishga solish, ekinlarni o‘z vaqtida va sifatli ekish muhimligi ta’kidlandi.


Shuningdek, bugungi mehnat nafaqat el dasturxoni to‘kinligi, balki aholi daromadini oshirishda ham muhim omil ekani alohida qayd etildi. Ma’lumki, kartoshka asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan biri bo‘lib, uni yetishtirishga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish bugungi kun talabi hisoblanadi.
A.Musayev, O‘zA.