Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyati hokimligi tomonidan fermer xo‘jaliklari tomonidan amalga oshiriladigan ishlar va 2025 yildagi rejalarni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda guruhlar qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni samarali amalga oshirish va muammolarni joyida hal etish maqsadida viloyatning turli hududlariga yuborilishi bo‘yicha axborot berildi.
Xususan, ishchi guruhning birinchi tarkibi Piskent, O‘rta Chirchiq, Oqqo‘rg‘on va Parkent tumanlarida faoliyat yuritadi. Masalan, Piskent tumanida Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari X.Qoraboyev mas’ul etib biriktirilgan.

Mutaxassislar joylardagi mavjud holatni o‘rganib, kelgusi yil uchun qishloq xo‘jaligi ishlarining yanada samarali tashkil etilishi bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi. Bu chora-tadbirlar Toshkent viloyatining agrar sohasini rivojlantirishga qaratilgan muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
***
Zangiota tumanida joylashgan harbiy qismda “Harbiy qismlarda tashkil etilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining maqsadi va vazifalari” mavzusidagi o‘quv-uslubiy seminar o‘tkazildi.
Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Qorovul qo‘shinlari harbiy qismlaridagi Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilot yetakchilari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirlarda asosan, “Harbiy qismlarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini yo‘lga qo‘yish samaradorligi”, “Vatan tayanchi” otryad a’zolarining vazifalari to‘g‘risida mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Kunning ikkinchi qismida boshlang‘ich tashkilot yetakchilari bilan harbiy qism boshlang‘ich tashkilot yetakchisi xonasida amaliy mashg‘ulot o‘tkazilib, targ‘ibot va tashviqot vositalari ish hujjatlarini yuritish tartiblari to‘g‘risida tushuntirishlar olib borildi.
***
Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov Xitoy Xalq Respublikasining Fanchengan shahar meri Syu Minxun boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda asosiy e’tibor sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, xalq tabobati hamda tibbiyot innovatsiyasi yo‘nalishlarida hamkorlik qilishga qaratildi. Mehmonlarga Parkent va Bo‘stonliq tumanlaridagi farmatsevtika zonalari borasida batafsil ma’lumotlar berildi. O‘z navbatida delegatsiya vakillari yurtimizda o‘sadigan juda ko‘plab turdagi dorivor o‘simliklar xitoylik mutaxassislarni qiziqtirayotgani, mavjud dorivor o‘simliklarni eksport qilish, shuningdek, tibbiyot yo‘nalishlarida viloyat bo‘yicha bir qator loyihalarni yo‘lga qo‘yish borasida takliflarni ilgari surdi.

Shu bilan birga, 2025 yil aprel oyida Xitoy davlatida o‘tkaziladigan tibbiyot forumiga Toshkent viloyati mutaxassislarining ham ishtirokini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
***
Toshkent viloyati prokuraturasida muammoli kredit qarzdorligini undirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Viloyat hokimiligi, Markaziy bank viloyat boshqarmasi, tijorat bank viloyat hamda tuman (shahar) rahbarlari, kredit qarzdorligi mavjud bo‘lgan korxona rahbarlari, sohaga mas’ul tashkilot rahbarlari ishtirok etgan tadbirda bu boradagi aniqlangan qo‘pol qonunbuzarlik holatlari tanqidiy muhokama qilindi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarning mavjud muammolariga yechim topish orqali muammoli kreditlarni so‘ndirish, kredit mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan doimiy monitoring olib borish, ular talon-toroj bo‘lishining oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
A.Musayev,O‘zA.