Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyatida kaolin xomashyosidan mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yanada samarador ishlar olib borilishi belgilandi. Bu haqda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tegishli qaror chiqardi.
Unga ko‘ra, 2023-2030-yillarda viloyatda birlamchi oq kaolin xomashyo zaxirasini kengaytirishning prognoz ko‘rsatkichlari hamda sohada 2023-2026-yillar hududlarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, bu bo‘yicha bir qancha loyihalar ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
***
Viloyat Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Xususan, viloyatdagi korrupsion holatlar, ularni keltirib chiqaruvchi sabablar hamda bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar muhokama qilinib, ayrim aniqlangan holatlar keskin tanqid qilindi. Shuningdek, davlat organlarining ochiqligi, faoliyatni raqamlashtirish, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi va hududiy Kengash tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.

***
Yoshlar ishlari agentligining tuman va shahar bo‘lim boshliqlari hamda mahallardagi eng faol yoshlar yetakchilari ishtirokida muloqot o‘tkazildi. Unda 2023 yil hududlarda yoshlar tizimida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuq va kelgusi rejalar to‘g‘risida mas’ullarning axboroti tinglandi. Shuningdek, yil davomida alohida faollik ko‘rsatgan 64 nafar yoshlar yetakchilariga Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Qahramon Quronboyevning tashakkurnomalari taqdim etildi.

***
Viloyatda jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo‘yicha tezkor-profilaktik tadbirlarning dolzarb 40 kunligi o‘tkazilmoqda. Unda IIBB va uning quyi tizimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi choralar ko‘rilyapti. Xususan, Ohangaron tumanida joylashgan Chinor YPX maskanida Vodiy – Toshkent yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan R.R. boshqaruvidagi yuk avtomashinasi hududiy IIB, DXX va Bojxona xodimlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda tekshirildi. Unda daraxt ko‘chatlari ostiga berkitilgan 528 ming dona pirotexnika vositalari borligi aniqlangan va daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirilgan.

A.Musayev,O‘zA.