Toshkent investitsiya ruhi barchangizni mamlakatimizga doim chorlab turishiga, umumiy muvaffaqiyat ramziga aylanishiga ishonaman – Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so‘zladi.
Prezidentimiz Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tashabbusi bilan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya kengashlarining mintaqaviy alyansi tashkil etilayotganini o‘z vaqtida qabul qilingan qaror sifatida baholadi.
Bozor qanchalik katta va qoidalar qanchalik uyg‘un bo‘lsa, mintaqa davlatlariga sarmoyalar oqimi shuncha ko‘payadi. Shu ma’noda, bu muhim tashabbus kelgusida umumiy investitsiya makonini yaratish yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘lishiga ishonch bildirildi.
–Biz uchun investitsiya bu faqatgina iqtisodiy resurs emas, balki ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va tajribalar, yangi ish o‘rinlari va davr bilan hamnafas taraqqiyot demakdir.
Har qanday buyuk orzu va niyatni hayotga to‘la tatbiq etishda asosiy hamkor, hech shubhasiz, ezgu niyatli investorlar, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bois, diyorimizga katta ishonch va g‘oyalar bilan kelayotgan xorijiy sarmoyadorlarga Yangi O‘zbekistonning eshiklari hamisha ochiq.
Prezident sifatida shaxsan o‘zim va Hukumatimiz yoningizda yelkadosh bo‘lishga doim tayyormiz.
Toshkent investitsiya ruhi barchangizni mamlakatimizga doim chorlab turishiga, umumiy muvaffaqiyat ramziga aylanishiga ishonaman.
Yurtimizning go‘zal tabiati, betakror madaniyati va olijanob xalqimizning mehmondo‘st qalbi esa do‘stligimizni mustahkamlash uchun o‘ziga xos investitsiya bo‘lishiga aminman, – dedi Prezidentimiz so‘zining yakunida.
O‘zA