Toshkent Deklaratsiyasi qabul qilindi
Korrupsiya — chegara bilmas «ajdaho», u aldamchilik, poraxo‘rlik va pulni «yuvish»ning aniq «chizma» (sxema)laridan tashkil topgan. Hozirda butun dunyoda unga qarshi yangi mexanizm choralari qidirilmoqda. Aksar davlatlar korrupsiyaga qarshi kurashishda strategik kompleks hujjatlarni qabul qilish va undagi vazifalarni tizimli tatbiq etish orqali sezilarli ijobiy natijaga erishmoqda.
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari va Ombudsmanlarining 4-yig‘ilishida davlatlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini amalga oshirishda mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tadbirning yakunida Toshkent Deklaratsiyasi qabul qilindi.
– Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari va Ombudsmanlarining 4-yig‘ilishiga O‘zbekiston mezbonlik qilmoqda. Bundan oldingi uchrashuv 2017 yilda bo‘lib o‘tgan edi. Xabaringiz bor, pandemiya tufayli anchadan buyon dunyo miqyosida bu kabi yirik uchrashuvlar, yig‘ilishlar bo‘lmayotgan edi. O‘zbekistonda tadbirga juda yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘ldik. Kun tartibidan ham juda muhim masalalar joy olgan.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi T. Norboyeva yig‘ilishda nutq so‘zlab, yurtingiz qonunchiligida korrupsiyaga qarshi kurash borasida kiritilayotgan o‘zgarishlar va yangiliklar haqida batafsil so‘zlab berdi. Yurtingizda amalga oshirilayotgan bu kabi sezilarli rivojlanishdan xursand bo‘ldik, albatta.

Aslida ham korrupsiya jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy ta’sir qiladi, davlatning taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladi. O‘ylab ko‘rilsa, Islom davlatlarining bu borada mushtarak muammolari bor. Agarda biz korrupsiyaga va kambag‘allikka barham bera olsak, davlatlarning taraqqiy etishida ijobiy ta’sirga ega bo‘lamiz.
Marat Ahmedjanov, Qozog‘iston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi rahbari:
– Uchrashuvda biz tajriba almashdik, o‘zimiz uchun muhim bo‘lgan savollarga javoblar oldik. O‘nga yaqin a’zo davlatlar bir-birimiz bilan dasturlar alishdik. Shu o‘rinda aytishim kerakki, Qozog‘istonda korrupsiyaga qarshi kurash MHD orasidan eng birinchi bo‘lib, 1990 yillarda boshlagan, bu borada qonun qabul qilingan edi.
Shundan buyon biz xalqaro tajribalarni o‘rganib, amaliyotga joriy etib kelmoqdamiz. Hozirda bizda uchlik modeliga o‘tilgan. Unda har bir tashkilot aholini huquqlarini himoya qilish borasidagi o‘z vazifasiga ega.
Korrupsiya — tama’girlikning yuqori nuqtasi. Unga qarshi kurashish uchun amaldorlardan siyosiy iroda talab qilinadi. Ushbu vaziyatdan chiqish usuli shuki, avvalo, davlat byurokratik apparati hajmi imkon qadar kamayishi, fuqarolarning shaxsiy hayotiga va iqtisodiy faoliyatiga davlatning minimal aralashuvi, monopoliyaga barham berilishi lozim.
bugungi uchrashuvda O‘zbekiston va Tojikiston vakillari bilan hamkorlik memorandumi tuzdik. Turkiya va Ozarbayjon davlatlari vakillari bilan esa muzokaralar o‘tkazdik. Shu o‘rnida aytish kerakki, ayni vaqtda O‘zbekiston bilan mahbuslarni almashtirish borasidagi masalani muhokama qilayapmiz. Qozog‘istonda 500 ortiq o‘zbekistonlik mahbus bor, ularni almashtirish borasida hozircha birorta hujjat yo‘q. Agarda bu borada kelishuvga erishsak, har ikki davlat uchun yaxshi bo‘lardi. Ayni vaqtda biz 6-8 davlat bilan mahbuslarni almashish borasida ikki tomonlama hamkorlikka egamiz.
Qayd etish kerakki, yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashishni jiddiy siyosiy qadamlari sifatida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari va Ombudsmanlarining 4-yig‘ilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki, bu yurtimizda amalga oshirilayotgan bu bordagi islohotlarning xalqaro darajadagi e’tirofi deb aytish mumkin.
Sayyora Shoyeva, Yoqub Meliboyev, O‘zA