To‘rt nafar taekvondochimiz jahon chempionligi uchun dayanga chiqadi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan majmuada taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi XV Jahon chempionati davom etmoqda.
Chempionatning bugungi dasturidan -44, -59, -68, -78 kg. vazn toifalaridagi janglar o‘rin olgan. Har bir vazn toifasidagi bellashuvlarda esa terma jamoamizning bir nafarda vakili jahon chempionligi uchun dayanga chiqadi.

Jumladan, Samira Hayitova -44 kg. vazda chernogoriyalik Amela Nutiga qarshi 1/32 finalda jang qilsa, Nilufar Sapayeva -68 kg. vaznning 1/16 finalida xitoylik Chen Yuge biland raqobatlashadi. Azizbek Murodov (-59 kg) o‘z ishtirokini 1/32 finaldan boshlaydi va u ilk bosqichda gruziyalik Shota Gedzinidze bilan kuch sinashadi. Shuningdek, vazni -78 kg. bo‘lgan Ozodbek Risbekov 1/16 final bosqichida britaniyalik Uill Byorli va ispaniyalik Iske Fabregas juftligi g‘olibiga qarshi bahs olib boradi.

Ma’lumot uchun, taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi XV Jahon chempionatida kuni kecha to‘rtta vaznda qizg‘in va murosasiz janglar tashkil etildi.
Jumladan, musobaqaning uchinchi kun yakunlariga ko‘ra, -45 kg. vazn toifasida o‘tgan bellashuvlarda hamyurtimiz Shohjahon Holmurodov bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ushbu vaznda Kanbusakorn Pichaysongkram (Tailand) chempionga aylangan bo‘lsa, Tamerlan Kamalov (Rossiya) kumush, Utku Kap (Turkiya) bronza medal bilan taqdirlandi. Vazni -73 kg. bo‘lgan yigitlar o‘rtasida Benyamin Soltanian (Eron), Syon Min An (Koreya Respublikasi), Erjan Berk Imamog‘lu (Turkiya) va Roman Xodima (Ukraina) chempionatning g‘olib va sovrindorlariga aylandi.

Qizlar toifasida +68 kg.da eronlik Xana Zarrinkamar barcha raqiblarini yengib, jahon chempioniga aylandi. Alise Binova (Chexiya) esa finalga qadar muvaffaqiyatli ishtirok etib, vitse-chempion bo‘ldi. Zi Yun Jang (Xitoy Taypeyi) va Sara Zizik (Xorvatiya) esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, vazni 42 kilogrammgacha bo‘lgan Li Gyunmi (Koreya Respublikasi), Paraskevi Kalogioru (Gretsiya), Baxar Taxmasebi (Eron) hamda Lena Kaskovyak (Polsha) shohsupaga ko‘tarildi.
Ma’lumot uchun, ayni damda O‘zbekiston terma jamoasi hisobidagi medallar soni jami uchtaga yetgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA