To‘rong‘illarni noqonuniy kesgan fuqaro jarimaga tortildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi Ekopolitsiya xodimlari tomonidan 2026-yil yanvaridan bugungi kunga qadar, shahar va tumanlarda o‘tkazilgan ekologik nazorat reyd tadbirlari davomida 1 ming 484 huquqbuzar noqonuniy ravishda belgilanmagan joyga maishiy va qurilish chiqindilarni tashlaganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan huquqbuzarlarga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 91-moddasi 1- va 2-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jami 690 million 300 ming so‘m jarima belgilandi.
Shuningdek, ekologiya sohasida nazorat tadbirlari davom etmoqda. Navbatdagi reyd davomida bir nafar fuqaroning mas’uliyatsizligi tabiatga va uning hamyoniga katta zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, Xorazm viloyati “Hazorasp” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro X.O. tomonidan To‘rtko‘l tumani “Atauba” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi yerdan noqonuniy ravishda tabiiy holda o‘sib turgan 49 tup to‘rong‘il daraxtini kesib tashlaganligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorining 4-ilovasiga asosan, noqonuniy kesilgan daraxtlar ikki baravar koeffitsiyentda tabiatga yetkazilgan 262 million 32 ming so‘m miqdoridagi zarar hisoblandi.
Har bir kesilgan daraxt kelajagimizga berilgan zarbadir. Mamlakatimizda daraxt va butalarni noqonuniy kesganlik, shikastlantirganlik yoki yo‘q qilganlik uchun qat’iy ma’muriy, moliyaviy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangan. Shuning uchun ularni asrab-avaylash nafaqat qonuniy, balki insoniylik burchimizdir.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.