To‘raqo‘rg‘onda go‘sht markazi ish boshladi
Namangan viloyatida kuz-qish mavsumida aholiga qulayliklar yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozor va do‘konlarda kundalik turmush uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar narxini sun’iy oshishining oldini olish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Yangiobod mahallasi hududida “Ulug‘ sulton” fermer xo‘jaligi tomonidan barpo etilgan go‘sht markazining ishga tushirilganligi ham ana shu ishlarning amaldagi ifodasi bo‘ldi.

A’zamjon Tursunov rahbarligidagi mazkur fermer xo‘jaligi ixtiyorida 170 bosh qoramol, 50 ming bosh parranda bor. Mahsulotni o‘zlari yetishtirgani uchun ham go‘sht markazida narxlar hamyonbop qilib belgilangan. Masalan, bir kilogramm vazndagi mol go‘shti 48 ming, qo‘y go‘shti 60 ming, tovuq go‘shti 16 ming so‘mdan sotuvga chiqarilgan.
Bundan tashqari, shoxobchadan tayyor va yarim tayyor mahsulotlar o‘rin olgan. Tez orada o‘rdak, quyon go‘shtlari ham xaridorlarga yetkazib beriladi.

Tuman prokurori Elyorbek Talaboyev boshchiligidagi 2-sektor hududidagi ushbu go‘sht do‘konining foydalanishga topshirilishi natijasida to‘rt kishi ish bilan ta’minlandi. Kelgusida yangi ish o‘rinlari ko‘paytirib boriladi.
Go‘sht markazining ochilish marosimida To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi Zulayho Mahkamova xalqimizni ertaga emas, bugun hayotdan rozi bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, bu boradagi amaliy sa’y-harakatlar kelgusida ham davom ettirilishini qayd etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA