To‘qsonbosti – mo‘l hosil garovi
Namangan viloyatida joriy yilda ham yer maydonlaridan unumli foydalanish maqsadida to‘qsonbosti ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirish rejalashtirilgan.

To‘rt mavsumda ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirayotgan mirishkorlar to‘qsonbosti usulidan samarali foydalanmoqda. Bu yaxshi daromad manbai bo‘lishi bilan birga, aholining ertagi sabzavotga bo‘lgan talabini qondirish imkonini bermoqda. Bu borada hududlardagi fermer xo‘jaliklarida dehqon va mirishkorlar uchun turli targ‘ibot va tashviqot tadbirlari tashkil etilmoqda.

Viloyatning Chortoq tumanida rejadagi 5752 gektar maydonni qisqa muddatlarda shudgorlash uchun 5 ta otryad shakllantirilib, 33 ta yuqori unumli maxsus texnika jalb etilgan.
Tumanning “Sohil bodomzori” fermer xo‘jaligida tashkil etilgan viloyat seminari ham aynan kuzgi shudgorlashni sifatli o‘tkazish, to‘qsonbosti ekinlar parvarishi, yerga-yer qo‘shish, dala chetlariga tut, tok va boshqa mevali ko‘chatlar ekish, ichki ariqlarni tozalash hamda betonlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalalariga bag‘ishlandi. Bu albatta kelgusi yil hosili uchun puxta zamin yaratadi.

Seminarda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Haitov, viloyat hokimining o‘rinbosari Anvarjon Hakimov, tuman hokimi Anvarjon Otaxodjayev, sektorlar rahbarlari, qishloq xo‘jaligi tashkilotlari, fermer xo‘jaligi rahbarlari, mexanizatorlar, hokim yordamchilari ishtirok etdi.
Kengash raisi tumandagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan to‘qsonbosti ekinlarni bevosita kuzatar ekan, bu yerdagi sabzavot yetishtirish agrotexnikasini butun respublika bo‘ylab ommalashtirish va bu bo‘yicha Chortoq maktabini bemalol yaratish mumkinligini ta’kidladi.

Tuman ahli usta dehqon, yer bilan tillasha oladigan mirishkorlardir. Bu azaliy salohiyat bugun ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan kuch olmoqda. Buni “Sohil bodomzori” fermer xo‘jaligi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin. Bodomzor va uning qator orasi daromad manbaiga aylangan. Bu yerda yiliga uch martagacha hosil olinadi. Hozirda to‘qsonbosti usulida 11 gektarda sarimsoqpiyoz, 3 gektarda piyoz, 1 gektarda rediska parvarishlanmoqda. Yana 5 gektarga piyoz ekiladi. Urug‘chilik yo‘nalishida ham tajribaga ega.

Seminar davomida usta dehqon Salimjon Jo‘rayevning yo‘l-yo‘riqlari tinglanib, o‘zaro tajriba almashildi. Mutaxassislar tomonidan zarur tavsiyalar berildi.
N.Bozorova,
O‘zA muxbiri