Toptalgan g‘urur mudhish jinoyatga sabab bo‘ldi
Qo‘qonlik yurtdoshimiz Gullola O‘ktamova (ism-shariflari o‘zgartirilgan) 2014 yilda fuqaro Ulug‘bek Asadovga turmushga chiqqan. 2 nafar farzandi bor. U 6 yildan buyon shaharning Shoxruxobod ko‘chasida o‘zi tashkil qilgan go‘zallik salonida faoliyat yuritib keladi.
O‘tgan yilning 30 may kuni Gullola onasi Tamara O‘ktamova bilan birga Farg‘ona viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining Qo‘qon shahridagi tumanlararo ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmasiga boradi. Maqsadi onasining «Spark» rusumli avtomashinasini o‘zining nomiga rasmiylashtirish edi. Ona-bola tashriflari sababini aytgach, bo‘linma mas’ul xodimi «Spark»ning davlat raqamini almashtirish uchun qabul qilib oladi. G.O‘ktamova 2021 yilning fevral oyida imtihon topshirgan bo‘lsada, haligacha haydovchilik guvohnomasini olmagani xususida ham gap ochadi. O‘sha paytda uning gapini boshqa murojaatchilar ham eshitib turgandi. Binobarin, o‘rta bo‘yli bir yigit ularga yaqinlashib kelib, haydovchilik guvohnomasini olishda yordam berishi mumkinligini aytadi. U yigit fuqaro Akmal To‘raboyev edi.
– Men shu yerda ishlayman. Agar pasportingiz, ikki dona surat va besh yuz ming so‘m tashlab ketsangiz, hujjatingizni tezroq rasmiylashtirib beraman, – deydi Akmal salom-alikdan keyin. – Bundan tashqari, telefon raqamingizni ham qoldiring. Haydovchilik guvohnomangiz tayyor bo‘lgan zahotiyoq xabar beraman.
Shunga binoan Gullola unga pul bilan birga shaxsini tasdiqlovchi hujjati, surati, go‘zallik saloni manzili va mobil raqamini beradi. Oradan bir hafta o‘tgach esa A.To‘raboyev yashirin raqamdan G.O‘ktamovaga qo‘ng‘iroq qiladi. Ya’ni o‘zini tanishtirib, haydovchilik guvohnomasi tayyor bo‘lganini bildiradi. Keyin taksi haydovchisidan guvohnomani berib yuboradi.
Shundan so‘ng yigit o‘zining «Spark» avtomashinasida go‘zallik saloni yaqiniga kelib, Gullolani kuzata boshlaydi. Qolaversa, ayolning telefon raqamiga turli “SMS” xabarlar yozib, uni yoqtirib qolganini ma’lum qiladi. Shu bilan birga, do‘stona gaplashib turish taklifini bildiradi.
– Men yosh qiz emas, oilali ayolman.Xo‘jayinim va 2 ta farzandim bor. Shuning uchun qaytib bezovta qilmang,– deya rad javobini beradi G.O‘ktamova.
Ammo Akmal uni kuzatishda davom etadi. Eng asosiysi, Gullolani o‘zi mashinada olib yurishini ta’kidlab, hatto taksiga ham chiqarmay qo‘yadi. Bordiyu, ayol yashirin ravishda taksi chaqirsa, haydovchini qaytarib yuborib, borar manziliga o‘zi eltib qo‘yishini aytadi. Binobarin, go‘zallik salonida ishlaydigan shogird qizlar va Gulolani bir-ikki marta tikuvchi chevarning uyiga ham tashlab qo‘yadi. Yana bir gal esa ularni Chodak qishlog‘iga – kunlik sayohatga olib borib keladi.
Shu tariqa oshiq yigit ikki oy deganda ma’lum darajada G.O‘ktamovaga yaqinlashib oladi. Biroq vaqt o‘tgani sayin ayolning yurish-turishiga ochiq-oydin xo‘jayinchilik qila boshlaydi. Oxir-oqibat Gullola bu haqda turmush o‘rtog‘iga aytishga majbur bo‘ladi.
– Agar yana bezovta qilsa, darrov menga ayt. O‘zim erkakchasiga gaplashib olaman, – deydi Ulug‘bek rashk va g‘azabdan mushti tugilib.
Buni qarangki, 2022 yil 15 avgust kuni tungi soat 23:10larda A.To‘raboyev dabdurustdan ayolning uyiga bostirib keladi. Kela solib, U.Asadovning bo‘yniga pichoq tirab, ko‘chaga yetaklaydi. Xonadon sohibi esa hech narsaga tushunmay hayron bo‘ladi. Lekin biror kor-hol yuz berishidan qo‘rqib, qarshilik ko‘rsatmaydi. Shu bois kutilmagan «mehmon» uni mashinasiga o‘tqazib, Uchko‘prik tumani hududiga – kimsasiz dala maydoniga olib boradi.
– Sen kayf qildiruvchi dori ichasan, nasha chekasan.Qolaversa, begona ayollar bilan ham yurasan, – deb do‘q-po‘pisa qiladi mashinani dala o‘rtasida to‘xtatgach.
– Aka, meni kim bilandir adashtiryapsiz, – deydi Ulug‘bek. – Meni oilam, bola-chaqam bor. Siz aytgandek, sayoq yurmayman.
– Yaxshilikcha tan ol! Kim bilan yurasan? Agar to‘g‘risini aytsang, uyingga qaytasan. Bo‘lmasa o‘lasan, – deya tahdid qiladi Akmal.
Keyin mashinadan tushib, Gullolaga qo‘ng‘iroq qiladi.
– Ering sog‘-salomat, unga hech narsa qilganim yo‘q. Hozir uyingga olib boraman.
Bu gapni eshitgan U.Asadov A.To‘raboyevning kimga sim qoqqanini fahmlaydi. Go‘shakni qo‘ygach, Akmal mashinani haydab ortga qaytadi. So‘ng Ulug‘bekni uyiga tashlab ketadi.
– Meni olib ketgan yigit kim? Ismi Akmal ekan,
– deydi u o‘zini kutib o‘tirgan xotiniga.
– Sizga aytgandimku, meni bezovta qilayotgan ana shu Akmalda. Har kuni ishxonamning yoniga kelib, poylab o‘tiradi, – deb tushuntiradi G.O‘ktamova.
Shundan so‘ng Ulug‘bek rafiqasidan A.To‘raboyevning raqamini olib, qo‘ng‘iroq qiladi.
– Xotinimning orqasidan yurgan sen ekansanda, qayerdasan?, – so‘raydi U.Asadov jahli chiqib.
– Aytgan joyingga boraman, o‘g‘il bola. Xohlasang, kanalning bo‘yiga kel,– deydi Akmal osmondan kelib.
Chamasi oradan bir soatlar o‘tib, ular shaharning "Afg‘onbog‘" mahallasi yaqinida – kanal bo‘yida uchrashishadi.
– Og‘ayni, sen oilamning tinchini buzyapsan. Bu qiliqlaringni yig‘ishtir. Xotinim bilan o‘rtamizda ikkita farzand bor, – deya yaxshi gap bilan tushuntirishga harakat qiladi Ulug‘bek yana bir bor.
– Uzr, men bu ayol sening xotining ekanligini bilmas edim, – deydi Akmal kechirim so‘ragan kuyi.
Ammo uning o‘zini tutishidan afsuslanish alomatlari aslo sezilmaydi. Negaki A.To‘raboyev mashinasiga o‘tirayotganida ham U.Asadovning g‘ashiga tegadigan, kurakda turmas gaplarni aytib, bachkanalik qiladi. Bundan esa Ulug‘bek chunonam tutoqadiki, ko‘nglida Akmalni o‘ldirish niyati paydo bo‘ladi.
– Yana sening yoningga kelsa, menga xabar ber, – deydi u 2022 yil 17 avgust kuni ertalab uyidan chiqayotib.
So‘ng mashinasini minib, Oltiariq tumaniga – uzum olib kelish uchun jo‘naydi. Chunki u Oltiariqdan meva-cheva keltirib, sotish bilan shug‘ullanardi. Biroq Bag‘dod tumani markaziga yetib borganda fikri o‘zgarib, ortiga qaytadi. Qaytayotib o‘sha yerdagi xo‘jalik mollari do‘konidan pichoq, 5-6 metr arqon va skotch sotib oladi.Keyin rafiqasi ishlaydigan go‘zallik salonidan sal nariroqqa kelib, A.To‘raboyevni kutib o‘tiradi. Taxminan 2 soatlardan keyin – soat 15:30larda go‘zallik saloni yoniga «Spark» mashinasi kelib to‘xtaydi. Undan tushgan Akmal ichkariga kirib ketadi. Ichkarida u Gullolaga nimalar degani noma’lum. Lekin ko‘p o‘tmay qaytib chiqadi. Bungacha Ulug‘bek mashinasidan tushib, unga yaqinlashib qolgandi. Binobarin, mashinaga o‘tirayotganida A.To‘raboyevning badaniga takror-takror pichoq sanchadi. Go‘zallik saloni yonginasida turgan taksi haydovchisi Shokirjon Samijonov esa ayni holatni ko‘rib, shoshib qoladi. Shu bois u darhol Akmalni «Spark»ka yotqizib, shifoxonaga haydaydi. Ammo jabrlanuvchining yo‘lda joni uziladi.
Albatta, Ulug‘bek Asadov o‘sha kuniyoq IIB tezkor xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi. So‘ng unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Yaqinda mazkur qotillik jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida ko‘rib chiqildi. Sud U.Asadovni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, hayotda o‘g‘il bola, erkak kishi uchun eng nozik tuyg‘u bu g‘ururdir. Jabrlanuvchi A.To‘raboyev G.O‘ktamovaga tegajog‘lik qilib, sudlanuvchining erkaklik sha’nini toptamaganida yuqoridagi mudhish jinoyat yuz bermagan bo‘lardi. Shu bois insonning g‘ururi bilan o‘ynashmaslik, ya’ni uni kamsitib, sha’nini toptamaslik kerak. Bosh Qomusimiz – mamlakatimiz Konstitutsiyasining 13-moddasida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat sifatida belgilangani ham ana shundan.
Qobiljon ABDULLAEV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon
shahar sudining sudyasi
O‘zA