Topganlarim - Yo‘qotganlarim
Xotira –muqaddas, qadr – aziz!
Rasmda ungdan chapga: Otam Tojikuzi Raximov va akam Ismoiljon Raximov (marxumlar) xamda kamina Abdumannob Raximov
Xalqimizda azaldan bir ezgu udum bor: qachon, qayerda bo‘lmaylik, duoga qo‘l ocharkanmiz, Yaratgandan avvalo tinchlik, osoyishtalik so‘raymiz. Bu bejiz emas. Zero, o‘zbek xalqi uchun tinchlik eng oliy saodat, yashash va yaratishning bosh shartidir.
Davlatimiz rahbari tomonidan yuritilayotgan tinchlikparvar siyosat ham aynan mana shu milliy qadriyatlarimizga, ajdodlar merosiga tayanadi. Bugun Markaziy Osiyodagi qardosh davlatlar o‘rtasidagi samimiyat va strategik hamkorlikning yangi davri boshlanishida ham ana shu azaliy g‘oya mujassam.
Ma’lumki, mamlakatimizda 9-may - Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu kun Ikkinchi jahon urushining olovli janggohlarida halok bo‘lgan ota-bobolarimiz yod etiladigan, oramizdagi faxriylarimiz e’zozlanadigan muqaddas sana. Tarix sahifalariga nazar solsak, urush yillarida O‘zbekistondan 1 950 700 nafar yurtdoshimiz frontga safarbar etilganini ko‘ramiz. Ulardan 896 366 nafari qahramonlarcha halok bo‘lgan, 1 054 298 nafari tirik qaytgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, o‘zbek o‘g‘lonlari fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga beqiyos hissa qo‘shib, 200 ming nafardan ortiq askar va ofitserimiz jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan, ularning 301 nafari Qahramon unvoniga sazovor bo‘lgan. Bu raqamlar xalqimiz jasoratining yorqin timsolidir.
Shunday ulug‘ ayyom arafasida marhum otam Qo‘ziboy (qishlog‘imizda Tojiqo‘zi buva) Rahimovni sog‘inch bilan xotirlayman. U kishi ham urushning suronli mashaqqatlarini boshidan kechirgan, zafar qozonib qaytgan zahmatkash insonlardan biri edilar.
Otam 1943-yildayoq jasorati uchun III darajali “Shuhrat” (“Slava”) ordeniga loyiq ko‘rilgan bo‘lsa-da, taqdir taqozosi bilan bu mukofot u kishiga oradan 31 yil o‘tib, 1974-yilda topshirilgan. O‘shanda Baliqchi tumani harbiy komissariatida bo‘lib o‘tgan tantanali marosim, yaqinlarimiz va qo‘ni-qo‘shnilarning quvonchi haligacha ko‘z o‘ngimda. O‘sha yili otamga Ikkinchi guruh nogironi sifatida navbatsiz «Zaporojets» avtomashinasini sotib olish huquqi berilgani ham oilamiz uchun katta voqea bo‘lgan edi. O‘sha vaqtlarda urushning birinchi guruh nogironlariga bunday avtomashinalar davlat hisobidan bepul berilgan.
Har yili bayram arafasida qiblagohim - otam haqidagi xotiralarimni qog‘ozga tushirishga harakat qilaman. Bundan maqsadim otamning porloq ruhiga hurmat bajo keltirish, farzandlarim va nabiralarimga, qolaversa yosh avlodga u kishining asil insoniy fazilatlarini o‘rnak qilib ko‘rsatishdir.
Bu gal otam va u kishining qadrdoni, qo‘shnimiz To‘xliboy buvaning Sirdaryo safari bilan bog‘liq bir ibratli va kulgili voqeani eslamoqchiman. Bu voqea bugungi kunda “anqo urug‘i”ga aylanib borayotgan chin mehr-oqibat va beg‘ubor do‘stlik haqida.
To‘xliboy buva menimcha dadamdan 4-5 yosh katta edi. U kishi ham urush qatnashchisi bo‘lgan.
Demak voqea shunday bo‘lgan edi.
Dadam urushda uch joyidan yarador bo‘lgan. Dushmanning bir o‘qi chap qo‘liga, ikkitasi o‘ng oyog‘iga tekkan. Yillar o‘tib, o‘qlar asoratida dadamning oyog‘i muntazam og‘riydigan bo‘lib qolgan. Shu bois har yili Namangandagi «Chortoq» sihatgohida davolanardilar. Bir gal sanatoriyda sirdaryolik Vohid aka ismli samimiy, odamshavanda inson bilan tanishib qoladilar. Davolanish tugagach, dadam Vohid akani uyimizga - Baliqchiga taklif qiladilar. O‘sha vaqtlarda mehmon kelsa, butun mahalla to‘planar, tonggacha askiya, gurung avjiga chiqardi. Sirdaryolik mehmonimiz ham so‘zga usta, dilkash inson ekan. Mehmondorchilik tugagach, qo‘shnilarimiz Vohida aka bilan ming yillik qadrdonlardek quchoqlashib xayrlashdilar.
Ertasiga, dadam bilan mehmonlarni Shahrixonga olib bordik. Mehmonlar to‘y qilish arafasida bo‘lsa kerak Shahrixon bozoridan bir qancha to‘n va do‘ppi, yana nimalardir xarid qilishdi. Keyin ularni Bo‘z (hozirgi Bo‘ston) tumanigacha kuzatib bordik.
Oradan bir yil o‘tib, Vohid aka farzandlari bilan biznikiga mehmon bo‘lib keldi. U shunday odam edi. Bir yilda bir marotaba butun respublika bo‘ylab o‘ziga yaqin bo‘lgan do‘stlarini yo‘qlar ekan. Do‘stlarga bo‘lgan mehrni qarang. Mehmonlar kelganini eshitib, taklifni kutib o‘tirmasdan qo‘shnilarimizning o‘zlari chiqishdi. Diydorlashuv, xursandchilik, kulgu va askiya tonggacha davom etdi. Ertasi kuni qo‘shnimiz To‘xliboy buvaning nonushta dasturxonidan so‘ng mehmonlar Namangan va Qo‘qonga borishlarini, u yerdagi qadrdon do‘stlarni yo‘qlab, undan Leninobod (Xo‘jand)ga o‘tishlarini aytdilar. Ketar chog‘i ular dadam bilan To‘xliboy buvaning Sirdaryoga mehmon bo‘lib borish va’dalarini olishdi.
Oradan bir yil o‘tib, yoz kunlarida otam va To‘xliboy buva Vohid akani yo‘qlab Sirdaryoga yo‘l oldilar. O‘shanda, bir kunda qaytib kelishni reja qilgan qo‘shnilar Sirdaryoda naqd bir hafta qolib ketishgan edi. Dadamni aytishiga qaraganda Vohid aka avval Dadam bilan To‘xliboy buvani Tojikistonning O‘ratepasiga - ota yurtiga mehmondorchilikka olib boribdi. Keyin esa Samarqand ziyorati. Xullas, ikki qo‘shni bir hafta deganda uyga qaytishgan. Rahmatli dadam vaqti kelganda sizlarni ham Sirdaryoga olib boraman degan edi, bu haqda keyinroq hikoya qilarman.
Safardan keyin dadamni yo‘qlab Abdulmuhammad amakim, Karomat ammam, qo‘shnilar biznikiga to‘planishdi. Yana dasturxon yozildi, safar taassurotlari aytildi, o‘tgan-ketganlar eslandi.
O‘shanda dadam bizga vokzalda sodir bo‘lgan bir qiziq voqeani aytib berib, hammamizni kuldirgandilar. Endi o‘sha kunlarni miriqib emas, balki, sog‘inch bilan qandaydir xo‘rsinib eslayman.
Xullas bo‘lgan voqeani dadamning tilidan eshiting:
“Tong sahar Sirdaryo vokzaliga yetib bordik. To‘xliboy aka, juda erta keldik. Tong saharlab Vohid akani bezovta qilmaylik. Shaharliklar odatda kech uyg‘onadi. Yaxshisi vokzalda qolib biroz dam olaylik. Tong otgandan keyin uning uyini so‘rab topamiz, dedim. Shunga kelishib, vokzalda biroz mizg‘ib olmoqchi bo‘ldik. Endi ko‘zimiz ilingan edi, To‘xliboy aka meni turtib uyg‘otdi:
- Tojiqo‘zi, tur, xurraging bilan uxlatmayapsan, yonboshlab yot! – deb dashnom berdi.
Biroz o‘tib, To‘xliboy aka yana dag‘dag‘a qildi:
- Yana xurrak otayapsan, butun vokzalni boshingga ko‘tarding-ku!
Shunda jahlim chiqib, nariroqdagi skameykada pishillab uxlab yotgan bir rus kishini ko‘rsatdim-da:
- To‘xliboy aka, qo‘lni bering! Mana shu xurragimni shu o‘risga sotdim, bor-baraka! - dedim. To‘xliboy aka ham “Bor-baraka!” deb qo‘limni qisdi.
Ertalab uyg‘onsam, To‘xliboy aka mung‘ayib o‘tiribdi. “Nimaga uxlamadingiz?” desam, xafa bo‘lib deydi:
- Eh, nimasini aytasan... Sen xurragingni boyagi rusga sotib, mazza qilib uxlading. Men ham endi ko‘zim ilindi desam, haligi rus xurrak otishni boshladi! Tong otguncha sening “sotilgan” xurragingga chidab chiqdim...”
Har safar dadam haqidagi bunday shirin xotiralarni eslaganimda, ma’nan rag‘batlanaman. Ba’zan Toshkentning shiddatli hayotida topganlarim va yo‘qotganlarimni taroziga solaman. Yo‘qotganlarim “tarozi pallasi”ni bosib ketganda, aynan mana shunday mehrli xotiralar qalbimga taskin beradi.
Yaratganga shukurlar bo‘lsin, bizni iymon-e’tiqodda, qo‘shnining haqqini ulug‘lash va odamlarga yaxshilik qilish ruhida tarbiyalagan otam Tojiqo‘zi buva va onam Karomatxonlardan bir umr minnatdorman. Hayotning asl mazmuni ham mana shunday shirin xotiralar bilan tirik ekan.
Dadamning pasportida tug‘ilgan yili “1926-yil” deb ko‘rsatilgan. Biroq, tug‘ilgan kun sanasi aniq yozilmagan. Menimcha, o‘sha davrlarda sodda odamlar tug‘ilgan kun sanasini aniq eslab qolishmagan. Agar hozir ham yoshi ulug‘lardan falonchi farzandingiz qachon tug‘ilgan deb so‘rasangiz, - 30 yilning erta bahorida yoki o‘rik pishganda, deb javob berishadi.
Shuning uchun biz ham Dadamning tug‘ilgan kunini g‘alaba kuniga mos ravishda 9-may deb belgilab olgan edik. Har yili uyidagilar bilan 9-mayni ham g‘alaba bayrami, ham Dadamning tug‘ilgan kuni sifatida nishonlar edik.
Vaqtni o‘tishini qarang. Agar, Dadam hayot bo‘lganlarida bu yil – 100 yoshni qarshilagan bo‘lar edilar.
Ilohim, o‘tganlarimizning oxiratlari obod bo‘lsin. Zero, xotira - muqaddas, qadr - azizdir.
ABDUMANNOB RAHIMOV,
yuridik fanlari doktori