Tomorqadan bozorga tamoyili amalda
Buxoro viloyati Romitan tumanidagi “Romitan” hududida yashovchi aholi dala-dehqonchilik ishlarida juda faol. “Attoron”, “Mirishkor”, “Tarnaut”, “Bog‘cha” va “O‘ba” mahallalarini birlashtirgan bu hudud aholisi tomorqa yerdan unumli foydalanish haddisini olgan. Aholi ertangi kartoshka, sabzi, piyoz, pomidor, bulg‘or qalampiri kabi sabzavot mahsulotlaridan barakali hosil oldi. Shu kunlarda esa tomorqalarda kech kuzga borib yig‘ib olinadigan to‘qsonbosti ekinlari yetishtirilmoqda.
Hududning “Bog‘cha” mahallasida yashovchi kam ta’minlangan oilalar vakillari Rashid Jo‘rayev, Munisa Mo‘minova, Aziz Botirov, Adolat Ochilova, Azizbek Baqoyevlar 2022 yilda “Ye–auksion” savdosi orqali 10-15 sotixdan ekin yer maydoniga ega bo‘ldi. Endilikda ular dehqon xo‘jaliklari sifatida ekin-tikin ishlarini olib bormoqda. Erta bahorda har bir dehqon oilasiga 25-30 kilodan kartoshka urug‘ligi “Romitan agrointer eksport tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan yetkazib berilgan. Ekin uchun “obi hayot” tanqisligining oldini olish maqsadida artezian qudug‘i o‘rnatilgan.

Mahalliy sharoitda bir sotix ekin yeridan 300 kilogramm atrofida kartoshka olish mumkin. Bu bir oilaning “ikkinchi non”ga bo‘lgan talabini bir necha oyga qondirishi mumkin. Xuddi shunday, hozirda 647 ta aholi tomorqasiga ega “O‘tabek” mahallasida ham 72 gektardan ziyod yerda sabzavot, poliz mahsulotlari ekilgan. Chunonchi, takroriy ekin davrida 8 gektardan ortiq maydonda kartoshka, 4 gektarga yaqin piyoz, qariyb 5 gektarda sabzi, 2 gektar yerda karam, jami 2 gektardan ziyod osh lavlagi va bulg‘or qalampiri, qariyb 2 gektarda mosh va loviya, deyarli 4 gektarda sarimsoqpiyoz, shivit, kashnich, rediska, rovoch kabi ko‘kat, qolaversa, 1,5 gektarda oshqovoq ekib parvarishlanmoqda.
Albatta, mirishkor tomorqachilar orasida turli kasb-kor egalari ham bor.
– Mahallamizda 610 ta xonadon bo‘lib, jami 3 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, –deydi hokimning “O‘ba” mahallasidagi yordamchisi Azamat Ismatov. – Bu oilalarning barchasi o‘z tomorqa yeriga ega. Hududda keyingi yillarda ijtimoiy muhofazaga olingan 741 nafar fuqaroga 71 gektardan ziyod yer maydoni shartli auksion savdosi orqali 10 sotixdan 30 sotixgacha hajmda tarqatildi. Erta bahordan kech kuzgacha 712 tonna atrofida sabzavot-poliz mahsuloti yetishtirish maqsad qilingan. Bundan tashqari, fermer xo‘jaliklarining g‘alladan bo‘shagan ekin yeri bilan qo‘shib hisoblaganda, joriy mavsumda o‘baliklar 110 gektardan ziyod yerda takroriy sabzavot-poliz, dukkakli va moyli ekinlar ekib yetishtirmoqda. Shu kunlarda esa mahallada jami 15 gektar yerda to‘qsonbosti usulida sarimsoq piyoz, ko‘k piyoz, sabzi, sholg‘om, karam va ko‘kat ekilgan.

Albatta, dehqonchilik madaniyati bilan birga hududda chorvachilik tarmog‘i ham rivojlanmoqda. Shu bois, qishloq odamlari tomorqa yeri hamda dehqon xo‘jaliklari ekin yerining bir qismida chorva ozuqasi uchun makkajo‘xori, arpa, tariq, o‘t beda va boshqa yuqori kaloriyali mahsulotlar ekib yetishtiradi.
Ma’lumot uchun, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Romitan tumani kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, tomorqa yer egalari tomonidan joriy yil erta bahoridan ro‘zg‘or uchun talab va ehtiyoj yuqori bo‘lgan, ta’bir joiz bo‘lsa, “ikkinchi non” deya ta’riflanadigan kartoshka mahsuloti 120 gektardan ziyod yerda ekilgan. 4 ming 452 tonna hosil olingan. Shuningdek, qariyb 600 tonna qovun, 425 tonna tarvuz, 6 ming 714 tonna piyoz, 3 ming 357 tonna sarimsoq, 255 tonna kashnich, 155 tonna rediska, 205 tonna shivit va boshqa ko‘katlar, 110 tonna gulkaram, 732 tonna karam yetishtirilgan.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining aksariyati mahalliy bozor va savdo rastalari orqali aholiga sotilgan. Bu o‘z navbatida aholi turmush farovonligi, dasturxon va bozor to‘kinligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri