Tomorqachilik daromadning zo‘r manbai
Buxoro viloyati Romitan tumanidagi Attoron, Mirishkor, Tornaut, Bog‘cha va O‘ba qishloq mahallalarida bugunga kelib 4 ming 819 ta xonadon istiqomat qiladi. Ular tasarrufidagi tomorqa yer maydonlarida plyonka ostida ertangi sabzavot mahsulotlari ekish ishlari allaqachon boshlangan. Ayni kunda tuman miqyosida 192 gektarda ertangi sabzavot ekinlari yetishtirish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, shundan “Romitan” hududida qariyb 23 gektarda kartoshka, sabzi va boshqa mahsulotlar baraka urug‘lari qadalmoqda.
Hududning “Bog‘cha” maxallasida yashovchi Aziz Botirov o‘tgan yili “Ye–auksion” savdosi orqali 10 sotixli yer maydoniga ega bo‘ldi. Hozirda bu yerda u oila a’zolari bilan kartoshka ekdi. Buning uchun oilaga zarur 25 kilogram kartoshka urug‘ligi “Romitan agro inter eksport tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan yetkazib berildi.

Kuni kecha tomorqachi sohibkorlar uchun hududda o‘tkazilgan ko‘rgazmali amaliy-o‘quv seminari ham aynan Aziz Botirov yerida tashkil qilindi. Shuning barobarida hududda kam ta’minlangan oilalardan alohida toifalangan xo‘jaliklarda ham 10 sotixdan tayyorlangan ekin yerida kartoshka ekish jarayoni o‘rganilib, ularga tajribali dehqon hamda mutaxassis agronomlar tomonidan zarur tavsiyalar berildi.

– Bu ko‘rgazmali seminardan maqsad – tomorqa yerining har qarichidan samarali foydalanib, barakali hosil yetishtirishdir, –deydi Romitan tumani Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi agronomi Furqat Rajabov. – Bu tobora global ahamiyat kasb etayotgan oziq–ovqat xavfsizligini ta’minlashda juda muhimligini ortiqcha ta’riflashga hojat yo‘q. Umuman, tuman miqyosida 45 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lsa, ayni kunda ularning 36 tasida aholi tomorqa yerida dehqonchilik qilib kelmoqda. Bu degani, qariyb 33 mingta xonadon o‘z tomorqa yeriga ega bo‘lib, hozirda ular ixtiyoridagi ekin yeri 6 ming 681 gektarni tashkil etmoqda. Hududdagi 3,5 mingga yaqin xonadonda esa 2-5 sotixli issiqxona xo‘jaligi bo‘lib, ulardagi jami 11 gektardan ortiq yerda yilning to‘rt faslida sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish tajribasi ommalashmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, tomorqachi yer egalari tomonidan o‘tgan yili ro‘zg‘or uchun talab va ehtiyoj yuqori bo‘lgan kartoshka mahsuloti 120 gektar yerda yetishtirildi. Bundan 4 ming 452 tonna hosil olingan.
Zarif Komilov, O‘zA