Tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalaniladi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq aholisining bandligi va turmush darajasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, faoliyatini yanada kengaytirish va aholi tomorqalarini xizmat ko‘rsatish bilan qamrab olishni oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 342 ming 335 dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egasi mavjud bo‘lib, 46 ming 866 gektar yer maydonida faoliyat yuritadi. Shuningdek, paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishi bo‘yicha 2 ming 444 ta, sabzavotchilik va polizchilik yo‘nalishi bo‘yicha 520 ta, g‘allachilik mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha 504 ta, bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishida 281 ta, chorvachilikda 869 ta va boshqa yo‘nalishlarda 498 ta, jami 5 ming 116 ta fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Shundan 41 ta fermer xo‘jaligiga ayollar rahbarlik qilib kelmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 2021 yil hosili uchun jami 4 ming 930 gektar aholi tomorqasiga piyoz va sarimsoqpiyoz ekildi. Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan qishloq va ovullarda 311 ta kichik hajmdagi artezian qudug‘i qazilib, ko‘rilgan choralar natijasida 582 tadan ziyod aholi xonadonining 33 gektar tomorqa yer maydonida ikki marta hosil olish imkoniyati yaratildi.
Kengash huzuridagi jamg‘armadan 3 milliard 642 million so‘m ajratilib, shundan 1 milliard 168 million so‘mi – tomorqa uchun, 2 milliard 474 million so‘m – «Tomorqa xizmati» korxonalari, qishloq xo‘jaligi kooperativlari va fermerlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi. Bundan tashqari aholi tomorqalarida 3919 ta 1-1,5 sotixli ixcham issiqxona qurib berildi.
«Bir mahalla – bir mahsulot tamoyili» asosida joriy yilda tumanlardagi 131 ta mahalla fuqarolar yig‘ini xonadonlarida muayyan turdagi mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirish, ikki va uch marta hosil olishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. To‘rtko‘ldagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham ishlar avjida.
– Bu borada Andijon va Farg‘ona viloyatlari usta dehqon va tomorqa yer egalarining tomorqadan samarali foydalanishning namunali usullari joriy etilmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Quo‘anishboy Nurimbetov. – Shu maqsadda Andijon viloyatining Bo‘ston, Oltinko‘l tumanlari, Farg‘ona viloyatining Oltiariq, Quva, Rishton tumanlaridan 23 nafar tajribali agronom, uzumchilik, ko‘katchilik, limonchilik, mevali daraxt, issiqxona, pomidor, bodring va sabzavotchilik yo‘nalishidagi mirishkor dehqonlar taklif etildi. Ular ishtirokida har bir tumanda o‘quv-seminari tashkil etilib, mevali daraxtlar, ekilgan to‘qsonbosti ekinlariga agrotexnik ishlov berish, issiqxonalarda limon va boshqa ko‘chatlarni yetishtirish, ko‘katchilikni rivojlantirish, mahalliy sharoitdan kelib chiqib kam suv iste’mol qiluvchi pakana va yarim pakana mevali daraxtlarni parvarishlash va ularning ekilishi bo‘yicha mahoratini namoyish etdi.
Tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish maqsadida tumanlarning har bir sektorida bittadan namunali mahalla tashkil qilinib, ularda istiqomat qiluvchi tomorqa yer egalari maydonida ixcham issiqxona tashkil etilmoqda va xonadonlarida 15-20 bosh tovuq, 10-15 bosh kurka, qo‘y-echki boqilib, yiliga 2-3 marta hosil olish yo‘lga qo‘yilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan grafik asosida namunali mahallalardagi tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanishning asosiy vazifalari bo‘yicha ko‘rgazmali seminar o‘tkazish belgilab olindi.
[gallery-1706]
Qoraqalpog‘iston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni talablarining bajarilishi yuzasidan bir qancha ishlar amalga oshirildi. Jumladan, fermer xo‘jaliklarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘tgan 2020 yili sudlarga 9 milliard 185 million so‘mlik 186 ta da’vo ariza kiritilib, 1 milliard 907,4 million so‘mlik 90 ta da’vo ariza qanoatlantirildi. Joriy yilda Amudaryo tumanida joylashgan “Amudaryo tex” MCHJning jami 362 ta fermer xo‘jaligiga 24 milliard 60 million 395 ming so‘m to‘lanishi lozim bo‘lgan Qoraqalpog‘iston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan fermer xo‘jaliklarining manfaatlarini ko‘zlab 60 ta fermer xo‘jaligining 4 milliard 31 million 512 ming so‘mlik pul mablag‘i va Amudaryo fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan 67 ta fermer xo‘jaligining 13 milliard 60 million 465 ming so‘mlik jami 127 ta fermer xo‘jaligining 17 milliard 091 million 937 ming so‘mlik pul mablag‘ini undirib olish bo‘yicha iqtisodiy sudlarga da’vo arizalar kiritilishi ta’minlandi. Hozirda da’vo arizalar to‘liq qanoatlantirildi.
Shuningdek, Taxiatosh tumanida joylashgan “TAQIYATAS TEX” MCHJning fermer xo‘jaliklariga 2 milliard 84 million 439 ming so‘mlik qarzi mavjudligi ma’lum bo‘lib, Kengash tomonidan ushbu qarzdorlikni undirish bo‘yicha iqtisodiy sudlarga 26 ta fermer xo‘jaligining 2 milliard 84 million 439 ming so‘mlik oladigan qarzdorligini undirish bo‘yicha da’vo ariza kiritilishi ta’minlandi. Kengash hamda “TAQIYATAS TEX” MCHJ tomonidan fermer xo‘jaliklariga 199 million 988 ming 962 so‘mlik qarzdorligi to‘lab berildi. Hozirda da’vo arizalar sud tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, Beruniy tumanida joylashgan “BERUNIY CLUSTER” MCHJ, To‘rtko‘l tumanidagi “Agro To‘rtko‘l tekstil klaster” MCHJ va “BUSTON CLUSTER” MCHJ tomonidan fermer xo‘jaliklari bilan hisob-kitob ishlari to‘liq amalga oshirilgan. Boshqa tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarining pul mablag‘larini undirish bo‘yicha tegishli ishlar davom ettirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan o‘tgan yili 50 ta qishloq xo‘jaligi fidoyisiga ko‘krak nishoni topshirildi. Jumladan, 22 nafari “Ilg‘or fermer”, 10 nafari “Mehnatkash dehqon”, 18 nafari “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” munosabati bilan “Har bir yoshga-bir gektar” loyihasi doirasida barcha tumanlarda fermerlar o‘z yerlarining 10 foizini ishsiz va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlarga ikkilamchi shartnoma asosida bo‘lib bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2020 yil 6 iyuldagi topshirig‘iga asosan aholi gavjum mahallalarda 145 ta yengil konstruksiyali "dala do‘koni" va kichik sig‘imli muzlatgich ombor qurish bo‘yicha tashabbuskorlar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Buning uchun jami 4 milliard 140 million so‘m mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan. Shundan bugungi kunda 92 yengil konstruksiyali «dala do‘koni» qurilishi yakunlangan bo‘lib, buning uchun 1 milliard 560 million so‘m sarflandi.
2021 yilda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida tomchilatib, yomg‘irlatib hamda diskret usulida sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari hamda klasterlar bilan 480 ta shartnoma imzolangan bo‘lib, 22 ming 400 gektar yer maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini tatbiq etish nazarda tutilgan. Hozirda 118 ta shartnoma asosida 2461 gektar yer maydonida qurilish ishlari boshlab yuborildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyundagi «Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Amudaryo va Bo‘zatov tumanlarida tomorqa xizmati klasteri tashkil etilmoqda. Ushbu klasterlar tomorqa yer egalariga asosan 12 yo‘nalishda xizmat ko‘rsatadi. Bu – ko‘chatchilik uchun 0.5 ga issiqxona, tomorqa yer egalari yetishtirgan mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash, ozuqa yem ishlab chiqarish, meva sabzavotlarni quritish, mineral o‘g‘itlar va ko‘chat sotish do‘konlari, aholiga xizmat ko‘rsatish texnika parki, inkubator, sun’iy qochirish, saralash va qadoqlash punktlaridir.
bugungi kunda Amudaryo tomorqa xizmati klasteriga yuqoridagi ishlarni amalga oshirish uchun fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 2,5 milliard so‘m, Bo‘zatov tomorqa klasteriga 800 million so‘m mablag‘ ajratildi. Hozirgi vaqtda Amudaryo tomorqa klasterini ishga tushirish arafasida. 2021 yilga tomorqa xizmati klasterini yanada ko‘paytirish maqsadida Nukus tumanida “TOREMURAT BEST” TAMARQA XIZMETI” MCHJ tomorqachilik klasteri tashkil etilmoqda. Bu bo‘yicha “Yo‘l xarita”si ishlanib, jamg‘arma tomonidan 2,4 milliard so‘m mablag‘ ajratish bo‘yicha bank hujjatlari tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 92 ta dala do‘koni qurilishiga jamg‘arma tomonidan 1,560 milliard so‘m ajratildi. Hozirgi vaqtda har bir tumanda 4 tadan namunaviy mahalla tashkil qilinib, umumiy 64 ta mahalladan 1280 ta tomorqa yer egasiga issiqxona, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, bog‘dorchilik va h.k bilan shug‘ullanuvchi talabgorlarga jamg‘arma tomonidan 3 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratish rejalashtirilgan.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA