Tomorqa yer egalariga koʻmaklashilmoqda
Surxondaryo viloyati Angor tumanida qarovsiz qolgan yerlar va tomorqadan unumli foydalanish orqali aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar bermoqda.
Surxondaryo viloyati Angor tumanida qarovsiz qolgan yerlar va tomorqadan unumli foydalanish orqali aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar bermoqda.
Koronavirus pandemiyasi tarqalishi sababli tashqi chegaralarning yopilishi oqibatida xorijga ishlash uchun keta olmagan aholi bandligini taʼminlash, ularga tomorqaga ekish uchun urugʻliklar, koʻchatlar, sugʻorish vositalari va issiqxona qurish uchun anjomlar olishga koʻmaklashilmoqda.
Mazkur ishlarini amalga oshirish jarayonlari bilan tanishish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi masʼullari Angor tumanida boʻldi.
Prezidentimizning 2019-yil 5-martdagi “2019-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasi toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya va grantlar ajratilmoqda.
Bugungi kunda Angor tumanida 22 ming 298 ta xonadon tomorqa egalari boʻlib, ekin ekiladigan maydon 2 668 gektarni tashkil etadi.
2019-yilda “Angor tomorqa xizmati” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tumandagi “Ilgʻor”, “Bahor”, “Toʻlqin”, “Yuqori Tallimaron”, “Dehqon ittifoq” mahalla fuqarolar yigʻinlarida yashovchi 87 nafar tomorqa yer egalari uchun urugʻlik, turli daraxtlar koʻchatlari, sugʻorish vositalari, issiqxona qurish uchun anjomlar xarid qilish maqsadida 187,9 million soʻm subsidiyalar ajratilgan.
Joriy yil urugʻlik, koʻchat va sugʻorish vositalari xarid qilish uchun 32 nafar tomorqa yer egalarining har biriga 2 million 230 ming soʻmdan subsidiyalar ajratilgan.
Agentlik masʼullari subsidiyalar ajratilgan aholi shaxsiy tomorqalarida tashkil etilgan issiqxonalarda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati