Tomorqa ishning ko‘zini bilganga xazina
Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi “Akbarobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi tomorqachilar aholi dasturxoni uchun bahor ne’matlarini yetishtirib bermoqda. Ayni kunda plyonka ostiga ekilgan rediska, qulupnay bozorga chiqarildi.
Tomorqachilik hadisini olgan mahalla ahli qish faslida ham bekor turmay, sarxil sabzavot ekinlari yetishtirish bilan mashg‘ul. Bu yerda rediska, qulupnay, ertangi karam, bulg‘or qalampiri singari sabzavot ekinlari yetishtirishda o‘ziga xos tajriba to‘plangan.

Otaxon Boboyev xonadonida bo‘lgan kishi omilkorlik bilan ish tutayotgan oilaviy tomorqachilarning mehnat va izlanishlariga havas qiladi. Ayni kunda 20 sotix plyonka ostida parvarishlangan rediska bozorga chiqarilyapti. Bir bog‘ mahsulot ulgurji narxda 2000-2500 ming so‘m. Bu bir mavsumning o‘zida 50 million so‘mdan ortiq daromad olish imkoniyatini beradi. Ekindan bo‘shagan maydonlarga peshma-pesh urug‘ qadalyapti. Bugun ekilgan urug‘ 45 kunda iste’mol uchun tayyor bo‘ladi. Uning o‘rnida uchinchi hosil –bulg‘or qalampir ko‘chatlari ekiladi, kech kuzda esa, to‘qsonbosti usulida rediska parvarishlanadi. Tomorqachilik yo‘lida yaratilgan bu uzviy zanjir mahallada kundan kunga ommalashib bormoqda.

Hosil terib olish, maydonlarni ekishga tayyorlash bilan bog‘liq yumushlarga oila a’zolaridan tashqari mahalladagi xotin-qizlar ham jalb etilyapti. Ular uy yumushlaridan ortib, daromad olish imkoniyatiga ega.
Xonadon tomorqasidagi har bir qarich yer hisob-kitobli. Bu yerda 5 sotix issiqxonada muqobil yonilg‘i – ko‘mir bilan ishlashga ixtisoslashgan aqlli isitish tizimi ishga tushirildi. Uning o‘ziga xos jihati, issiqxonadagi havo haroratini isitish pechi bevosita nazorat qilib boradi. Bu ortiqcha xarajat va ovoragarchilik bilan bog‘liq tomorqachilar yumushini yengillashtirdi. Avvallari bu ishlarni bajarish uchun tunlarni bedor o‘tkazishga to‘g‘ri kelgan, manfaatdorlik ham hamin qadar bo‘lgan. Xarajati ko‘p, daromadi kam. Yangi tizim oilaga qo‘shimcha foyda olish imkoniyatini berdi. Bugungi kunda mo‘’jaz issiqxonadagi qulupnay hosilga kirgan.

Mirishkor dehqonning ish amallarini ko‘rib, daromad cho‘g‘ini hisoblab chiqish qiyin emas. Ayni kunda bir kilogramm qulupnay 150 ming so‘m. Xonadon tomorqasidagi issiqxonada 5 ming tup ko‘chat borligi hisobga olinib, har bir tup niholdan, qish mavsumida o‘rta hisobda 200 grammdan hosil terib olingan taqdirda ham, daromad salmog‘i 150 million so‘mdan oshadi. Ekinlar oralig‘ida ikkinchi hosil sifatida bulg‘or ko‘chatlari ekib, daromad olish yo‘lga qo‘yilishini hisobga olsak, mo‘’jaz tomorqa xonadon xazinasiga aylanganligini anglab olasiz.

– Dehqon uchun har bir kun g‘animat. Qancha erta eksak, samarasi yaxshi bo‘ladi, – deydi tomorqachi ekinlar oralab. – Shu bois qo‘ni-qo‘shnilarni yordamga chaqiramiz. Asosan mahalliy iqlim sharoitimizga mos bo‘lgan bozorgir rediskalar yetishtiramiz. Plyonka ostida parvarishlanadigan bu navlar 6-7 gradusgacha bo‘lgan sovuq haroratga chidamli, tezpishar va yuqori hosil berish xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ekindan bo‘shagan maydonlarga kech kuzga qadar boshqa sabzavot ekinlari yetishtirib daromad olamiz. Chorva boqamiz, sut, qatiq o‘zimizdan chiqadi. Mehnat ortidan uch o‘g‘ilni o‘qitib, uyli-joyli qildik. Ro‘zg‘orimiz butun, dasturxonimiz to‘kin.
Issiqxonalarga yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari o‘rnatilgani mahsulotlarini baravj rivojlanishida qo‘l kelmoqda. Samarali usul tufayli suv miqdori 40 foizga, mineral o‘g‘it bilan bog‘liq xarajatlarni 50 foizgacha tejash imkoniyati bor.
Mahallada bekor yurgan odam, bo‘sh qolgan ekin maydoni yo‘q. Keyingi yillarda qish faslida ham bahor ne’matlarini yetishtirishga bo‘lgan tajribalar ommalashib bormoqda. Ayniqsa, rediska, qulupnay yetishtirish hadisini olgan mirishkor tomorqachilar ko‘paygan.
M.Sulaymonov, O‘zA