Tomchilatib sug‘orish: samara va istiqbol
Andijonda global iqlim o‘zgarishi sharoitida Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonda suv tanqisligi muammosini hal etishning ustuvor yo‘nalishlari, suvdan oqilona foydalanish hamda sug‘orishga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan seminarda qishloq va suv xo‘jaligi tizimi mutasaddi va mutaxassislari, klaster korxonalari mas’ullari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, sug‘orish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar yetkazib beruvchi korxonalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Seminarda mavzu doirasida viloyatda amalga oshirilgan ishlar, yutuq va muammolar atroflicha tahlil etildi.

– Jahon miqyosida suv tanqisligi yildan-yilga ortib borayotgan bugungi sharoitda, ayniqsa, qishloq xo‘jaligida, sug‘orishda suvdan oqilona va samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Agroinspeksiya Andijon viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Sardorbek Abdulaxatov. – Shu ma’noda o‘tkazilgan seminarning maqsadi ham viloyatda mazkur yo‘nalishdagi ishlarning sifati va samaradorligini oshirish, sug‘orishda suv tejamkor texnologiyalardan foydalanish, ilg‘or tajriba va ish uslublarini ommalashtirish, mazkur tizimda ish olib boruvchilarning bilim va malakasini yuksaltirishga qaratilgan.
Seminarda dastlab O‘zagroinspeksiyaning Andijon viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida suvdan foydalanish holatini o‘rganish bo‘yicha 2 mingdan ortiq nazorat tadbirlari o‘tkazilganligi aytib o‘tildi. O‘rganishlar natijasida 2 ming 524 ta kamchilik va qonun buzilish holati aniqlangan bo‘lib, ushbu holatlar bo‘yicha 1 ming 655 ta ogohnoma, 1 ming 437 ta yozma ko‘rsatma, 34 ta taqdimnoma hamda 220 ta qonuniy qaror qabul qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga materiallar yuborilgan. 833 nafar fuqaroga nisbatan inspeksiya vakolati doirasida ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, ularga 298 million 811 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan.
Andijon viloyatida 27 ming 110 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida 15 ming 615 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish ishlari olib borildi. Tomchilatib sug‘orish borasidagi ishlarni tashkil etish uchun fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalarga 100 milliard 254 million subsidiyalar ajratildi. Viloyatda 27 ming 985 gektar maydonda sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarga asosan, 2 ming 360 fermer xo‘jaligi hamda klaster korxonalarning 22 ming 693 gektar maydonida ana shu ishlarni joriy etish uchun 344 milliard so‘m miqdorida moliyaviy ko‘mak berildi. Natijada 2021 yilda paxta yetishtirilgan 17 ming 189 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi o‘rnatilib, ishga tushirildi.
Viloyatda mevali bog‘, tok va boshqa ekin maydonlarining 5 ming 505 gektar qismida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi o‘rnatilib, ishga tushirildi.
Bundan tashqari, seminarda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish yuzasidan ham muayyan ishlar olib borilayotganligi qayd etildi. Xususan, viloyatda «Agro NEW DRIP”, “NETAFIN” hamda “AGROPOSITIVE” MCHJ singari pudrat tashkilotlari ko‘magi bilan Turkiya, Isroil davlatlari texnologiyalari asosida 100 gektar maydonda mazkur usul to‘la joriy etildi.
Seminarda paxta va g‘alla maydonlarida suv tejamkor sug‘orish texnologiyalarini qo‘llashning afzalliklari xususida ham batafsil ma’lumot berildi. Masalan, Andijon tumanidagi “GOLD FAYBIR” fermer xo‘jaligi 10 gektar paxta maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etdi. Avvalgi yillarda har gektar maydondan 20-22 sentnergacha hosil olingan bo‘lsa, bu yil har gektardan 35 sentnergacha hosil olindi.

Shahrixon tumanidagi «Baraka», «Karnaychi saxovati», «Omad» fermer xo‘jaliklarida ham tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgach, hosildorlik 35 sentnerdan 50 sentnergacha ortgan. Qo‘rg‘ontepa tumanidagi «Inter agro star» fermer xo‘jaligi tomonidan joriy yilda 64 gektar g‘alla maydonida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilindi. Xo‘jalik ekin maydonlaridan avval 60 sentnergacha hosil olingan bo‘lsa, bu yil hosildorlik 80 sentnerga ko‘tarilgan.
Mutaxassislar tomonidan tomchilab, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari, shuningdek, egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish usulini joriy etish tartiblari, xarajatlari, samara va natijalari, mazkur yo‘nalishda ish olib boruvchi mutaxassislar bilim va malakasini oshirish, ularni o‘qitish bo‘yicha tavsiya va takliflar bildirildi.
Seminar yakunida mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, sifati va samaradorligini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilib, muhim vazifalar belgilab olindi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA