Tomchilatib sugʻorishning afzalliklari
Chanqoq holatida yoki boʻlmasa toza ichimlik suvi yoʻqligi bois isteʼmolga yaroqsiz suvni ichayotgan qator mintaqalardagi insonlarni kuzata turib bu neʼmatning qadrini yana-da teranroq his etasan kishi.
Suvning tiriklik manbai sifatida tariflanishi bejiz emas. Butun hayotimiz suv bilan bogʻliq. Chanqoq holatida yoki boʻlmasa toza ichimlik suvi yoʻqligi bois isteʼmolga yaroqsiz suvni ichayotgan qator mintaqalardagi insonlarni kuzata turib bu neʼmatning qadrini yana-da teranroq his etasan kishi.
Umuman, butun hayotimizni suvsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Shu bois, mamlakatimizda mazkur masalaga doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 16-sentyabrda oʻtkazilgan suv xoʻjaligida tejamkor texnologiyalarni joriy etish va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishga bagʻishlangan yigʻilishda sohaga oid bir qator dolzarb vazifalar belgilab berilildi.
Prezidentimiz, jumladan, kelgusi yilda suv tejovchi texnologiyalar bilan 600 ming gektarni qamrab olish rejalashtirilganligi va soʻngi 10 yil mobaynida suv hajmi 12 foizga kamayganligini, bu, oʻz navbatida, bir nechta viloyatlarda suv tanqisligi muammosini yuzaga keltirib chiqarayotganligini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Aytish joizki, shu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida soʻnggi 3 yilda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va tubdan isloh qilishga yoʻnaltirilgan bir nechta meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi. Ayni chogʻda yerdan unumli foydalanish, hosildorlikni oshirish, daromadni koʻpaytirish, isteʼmol uchun sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlashga boʻlgan talab ham ortdi.
Ammo suv resursi cheklangani sababli aholi boshiga toʻgʻri keladigan suv miqdori tobora kamayib borayotgani tashvishlidir. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, yillar oʻtishi bilan suvga boʻlgan ehtiyoj yana-da ortadi. Shu sababli suvning qadriga yetib, undan oqilona foydalanish, sohaga innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etish ayni zaruratdir.
Shu maqsadda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi qishloq xoʻjaligiga keng tatbiq etilmoqda. Bu tizim oʻsimlikning suvga boʻlgan ehtiyojiga teng miqdordagi suvni zarur muddatda uning ildiz qatlamiga yetkazib berishga moʻljallangan bosimli sugʻorish tarmogʻi sanaladi.
Xoʻsh, tomchilatib sugʻorish tizimining afzalliklari nimada?
Olimlar maʼlumotiga koʻra, bir sentner paxta hosili olish uchun tomchilatib sugʻorish tizimida egat orqali sugʻorishga nisbatan 1,8-1,9-marta kam suv beriladi. Tomchilatib sugʻorish hisobiga ekinning ildiz tizimi normal shakllanadi va dalani bir tekisda namlashga erishiladi. Shu orqali dala qator oralariga ishlov berish uchun sarflanadigan xarajat kamayadi.
Bu hali hammasi emas. Tomchilatib sugʻorish orqali, avvalo, tuproqda oʻsimlik uchun zarur boʻlgan maqbul namlikni ushlab turishga erishiladi, suvning quyosh yoki shamol taʼsirida bugʻlanishining oldi olinadi hamda suv oʻsimlik ildiz tizimini namlantirish orqali tuproqdagi namlikning eng maqbul darajasini saqlab turadi. Qolaversa, bu usul orqali oʻsimliklar oʻsishi, rivojlanishi va hosil berishi uchun optimal sharoit yaratiladi, ekin turiga qarab 80 foizgacha suv tejaladi.
Yana bir afzallik shundaki, bu usulda sugʻorilgan dalada qatqaloq paydo boʻlmaydi va oʻsimlikning havo almashinuvi yaxshilanadi, kultivatsiya qilishga ehtiyoj qolmaydi. Shu bilan birga, mineral oʻgʻitning suyuq holatda berilishi hisobiga oʻgʻit 50 foizgacha iqtisod qilinadi. Oʻsimlik oziqa moddalar bilan yaxshi toʻyinadi. Ekin maydoni tomchilatib sugʻorilsa, dala emas, yetishtirilayotgan ekinlar suv ichadi.
Shuningdek, tomchilatib sugʻorilganda suv oʻsimlikning faqat ildiziga boradi va natijada oʻsimlikning oʻsishini nazorat qilish imkoniyati yaratiladi. Eʼtiborlisi, bunday holatda ekinlar hosildorligini oshirish koʻrsatkichi 15-30 foizga yetadi. Sohaning oʻz iborasi bilan aytganda, suvning tashlamaga chiqib ketishining oldi olinadi va undan foydalanish koeffitsiyenti 0,98 gektarga qadar ortadi. Boz ustiga, tuproq tabiiy unumdorligini tiklash va oshirish uchun suv bilan mineral oʻgʻitlar, mikroelementlar va kimyoviy meliorantlarni belgilangan miqdorda solishga erishiladi.
Umuman, tomchilatib sugʻorishning afzalliklari koʻp. Bu usulni keng qoʻllash orqali mavjud muammolarni hal etsa boʻladi. Albatta, ushbu saʼy-harakatlarda biz, senatorlar ham faollik koʻrsatishimiz talab etiladi.
Shavkat JALOLOV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.