Tog‘oldi hududida yangi bog‘cha ishga tushdi
Yurtimizda maktabgacha ta’lim tizimiga bo‘lgan e’tibor yil sayin ortib bormoqda. Xususan, 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish, ularga sifatli ta’lim-tarbiya berish borasida ko‘plab samarali ishlar qilinmoqda.
Buni joylarda zamonaviy andozalarga keltirilayotgan yoki yangidan qurib foydalanishga topshirilayotgan davlat va nodavlat, davlat- sherikchilik asosidagi oilaviy ta’lim tashkilotlari soni ortib borayotganidan ham bilish mumkin.

Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Tuman mahallasi hududida yangidan qurib bitkazilgan 31-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bundan yarim asr avval ish boshlagan va hozirga qadar hashar yo‘li bilan moslashtirib qurilgan binoda ellik nafarga yaqin bolajonga xizmat ko‘rsatilardi.

Bugungi kunga kelib, Yangiqo‘rg‘onning eng chekka hududida joylashgan ushbu maskandagi ahvol tubdan o‘zgardi. Tashkilotning yangi binosi davlat investitsiya dasturi doirasida 5,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etildi.

Yangi bog‘chaning ochilish marosimiga ko‘plab ota-onalar, mahallaning nuroniy oqsoqollari va faollari taklif etildi. Tadbirda qatnashgan Yangiqo‘rg‘on tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutasaddilari, nuroniylar ramziy kalitni tashkilot rahbari Xusnida Temirovaga topshirdi.

– Mahallamizdagi 3-7 yoshli bolalar soni qariyb 250 nafarga yetgan. Ushbu muhtasham koshonaning ishga tushishi natijasida ularning barchasi shu bog‘chaga qamrab olinishi quvonarli, – deydi mahalla nuroniysi Abdullo Qo‘ziyev. – Biz bundan mamnunmiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri